Viloyatda yengil avtomobillar bilan bir qatorda elektrskuterlar, zamonaviy elektrobuslar, yuk va yengil yuk tashuvchi transport vositalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilyapti. Shunday yangi loyihalardan biri — “Ipak yoʻli” korxonasi boʻlib, davlatimiz rahbarining tashabbusi va taklifi asosida barpo etilgan korxonada yiliga 1 ming dona elektrobus ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Loyihaning qiymati 50 million dollarni tashkil etadi. Korxona ishga tushishi bilan 100 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.
— Korxonamiz zamonaviy elektr avtobuslarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, — deydi xitoylik investor Yang Jian. — Bu loyiha mamlakatda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, ekologik toza transport vositalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirishga xizmat qiladi. Korxonamizga “Ipak yoʻli” nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shaxsan berilgani biz uchun katta sharaf va yuksak ishonch ramzidir. Qadimda Buyuk Ipak yoʻli Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlarini bogʻlagan boʻlsa, bugun zamonaviy texnologiyalar, xususan, ekologik toza elektr avtobuslari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda korxonada mehnatni tashkil etish bilan bogʻliq barcha jarayonlar yakuniga yetkazildi. Tez orada u oʻz mahsulotlari bilan nafaqat, respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga, balki aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashga ham hissa qoʻsha boshlaydi.