Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 25 yilligiga bagʻishlangan Fargʻona III xalqaro mediaforumi davomida uch kun hamkasblarning yuzma-yuz muloqotlarini oʻtkazish, tadbirkorlik va turizm obyektlari boʻylab maroqli sayohatlar uyushtirish rejalashtirilgan. Forumga Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Markaziy Osiyo kabi dunyoning 12 ta davlatidan OAV rahbarlari, turli yoʻnalishlarda ixtisoslashgan jurnalistlar taklif etildi. Oʻz navbatida xorijiy OAVlarning Oʻzbekistonda faoliyat olib boruvchi vakillari, mamlakatimiz bosma davriy nashrlari, axborot agentliklari bosh muharrirlari ishtirok etmoqda.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimiz va xorijiy OAV ishtirokida milliy jurnalistikasimiz yutuqlarini keng miqyosda targʻib qilish, axborot almashinuvi orqali davlatlar oʻrtasidagi madaniy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Oʻz navbatida Fargʻona viloyatining tadbirkorlik, turizm, investitsiyaviy salohiyatini xorijlik hamkasblarga koʻrsatish ham ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan.
Shu maqsadda xalqaro forum doirasida shahar-tumanlar boʻylab “Oʻzbekistonning eng qulay investitsion markazi” mediaturi ham tashkil etilmoqda.
Xususan, xorijlik va yurtimiz jurnalistlari Quvasoy shahridagi yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqaruvchi “Crown Ceramic” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy filialida ish boshlagan “Marwin fruitline” MCHJ loyihasi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Mevani qayta ishlash va quyultirilgan tabiiy sharbat ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxona mahsulotlari qisqa vaqt ichida bozorda xaridorgir boʻlib ulgurdi.va yiliga 50 ming tonnagacha meva qabul qilish va qayta ishlash imkoniyatiga ega.
Qoʻshtepa tumanidagi “Fergana Global Textile” MCHJ faoliyati, Oltiariq uzumzorlari, Margʻilonda oʻtkazilayotgan “Atlas bayrami” VII xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivali, Rishton kulolchilik anʼanalari hamda Qoʻqon shahrining tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishish barchada katta taassurot qoldirmoqda.
— Har yili Fargʻona vodiysiga kelib, turli tadbirlarni yoritib boramiz, — deydi Rossiyaning “Новый век” telekanali muxbiri Sarvinoz Karimova. — Ammo har safar yurtingizdagi yangilanish va oʻzgarishlar meni hayratga soladi. Bugun “Fargʻona Ekspo” markazida Fargʻonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdik. Markaz faoliyati menga juda yoqdi. Ayniqsa, hunarmandchilik, kulolchilik, toʻqimachilik va mashinasozlik sanoati mahsulotlari juda ham rang-barang. Viloyat markazida qad rostlagan Ekoshahar ham loyihasi ham juda maʼqul. U zamonaviy shaharsozlik arxitekturasining barcha talablariga javob beradi.
Demak, bunday mediaforumlar hududdagi oʻzgarishlarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrish va ular haqida bir necha millionli auditoriyaga batafsil maʼlumot yetkazish uchun qulay platforma vazifasini bajaradi.