11
11

Markaziy Osiyo – Xitoy munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro hujjat ratifikatsiya qilindi

Senatning yigirmanchi yalpi majlisida “Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida abadiy yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomani (Ostona, 2025-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur Shartnoma “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida imzolangan birinchi koʻp tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanib, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilab beradi.

Shartnomada davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish tamoyillari asosida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, hujjatda siyosiy muloqot mexanizmlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini kuchaytirish, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, “yashil” taraqqiyot va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish belgilangan.

Shartnomaning amalga oshirilishi Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlini barpo etish, transport yoʻlaklarini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “Elektron Ipak yoʻli” savdo platformasini rivojlantirish kabi muhim loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Senatorlarning fikricha, Qonun Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlik jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport va tranzit salohiyatini oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash hamda xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.