11
11

Fargʻona tomonlarda: IT sohasida Apple kompaniyasi bilan hamkorlik

Fargʻona shahrida umumiy qiymati 150 milliard soʻmlik loyiha doirasida qurib bitkazilgan IT Park majmuasida bir vaqtning oʻzida 200 nafargacha foydalanuvchi faoliyat olib borishi mumkin.

Bu yerda yiliga 3 mingdan ziyod yoshlarni oʻqitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish hamda IT xizmatlari koʻrsatish uchun zamonaviy sharoitlar muhayyo etilgan. Markazda frilanser va dasturchilar uchun kovorking maydonlari, rezident kompaniyalar uchun toʻliq jihozlangan ofislar mavjud. Dunyoga mashhur Apple kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “iOS Development Center”da yigit-qizlarni mobil ilovalar va zamonaviy dasturiy mahsulotlar yaratishga oʻqitish, xalqaro standartlarga mos bilim va koʻnikmalar berish yoʻlga qoʻyilgan.

—Biz jamoamiz bilan birga 3D modellashtirish va 3D printerlar yordamida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanamiz,—deydi “MUHANDISONA” MCHJ rahbari Jahongirmirzo Ibrohimov.—Ayni paytda jamoamizning “Engineericly” YouTube videoblogi qariyb 800 ming obunachiga ega.

Hozirgi kunda raqamli xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksportini kengaytirish hamda xorijiy kompaniyalar bilan IT sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish borasida istiqbolli loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

Uzumchilikda zamonaviy agrotexnologiyalar

Yangicha yondashuvlar tufayli Fargʻona viloyatida uzumchilik tarmogʻi hududning agrar salohiyatini namoyon etuvchi muhim yoʻnalishlardan biri sifatida jadal rivojlanmoqda.

Quva tumanidagi “AOK GARDEN” MCHJda yoʻlga qoʻyilgan zamonaviy uzumchilik plantatsiyasida eng ilgʻor agrotexnologiyalardan foydalaniladi. Shu tariqa 110 gektar maydonda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 50 gektarda 10 mingta quyosh paneli oʻrnatilib, 5 MVt quvvatga ega muqobil energiya tizimi yaratildi.

—Quyosh panellari nafaqat elektr bilan taʼminlaydi, balki tokzor uchun soya vazifasini ham bajaradi,—deydi laboratoriya mudiri Sardorbek Toirov.—Natijada uzum koʻchatlari atrofidagi namlik bir maromda saqlanmoqda. Bu haroratni meʼyorida ushlab turish orqali quyosh panelining barqaror ishlashini taʼminlaydi hamda suvni tejashga xizmat qiladi.

Taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda Quva tumanidagi 6,5 ming gektar mevali bogʻlarning 1,2 ming gektarini intensiv bogʻlar tashkil etadi. Quva mevalari tumandagi 38 ta eksportyor korxona tomonidan dunyoning 15 ga yaqin mamlakatiga eksport qilinmoqda.

Asosiy daromad - parrandachilikdan

Rishton tumanidagi “Dutir” MFYda 500 dan ortiq xonadon uzumchilik bilan shugʻullanadi, 200 ga yaqin oilada zamonaviy issiqxonalar tashkil etilgan.

Shu yilning olti oyida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida mahalladagi tadbirkorlikni boshlash istagidagi oilalarga 330 million soʻm kredit ajratib berildi. Yil davomida esa birgina mazkur dastur asosida oilalarga 650 million soʻmga yaqin imtiyozli kredit berish rejalashtirilgan.

—33 million soʻm imtiyozli kredit olib, xonadonimizdagi parrandachilik faoliyatini yanada kengaytirishga muvaffaq boʻldik,—deydi Muhammadjon Yodgorov.—Natijada “Yodgorov Iqboljon” oilaviy korxonasini tashkil etdik va oilamizning 5 nafar aʼzosi doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.

Hozirgi kunda 2 ming bosh tovuq boqish orqali kuniga 1200-1250 donagacha tuxum olamiz. Shuningdek, xonadonimizda kichik inkubatsiya sexi tashkil etilgan boʻlib, naslli joʻja ochirish va aholiga yetkazib berish oilamizning yana bir qoʻshimcha daromad manbaidir.

Aytish joiz, yil yakuni bilan mahallada kambagʻallik darajasini 2 foizga tushirish, ishsizlikdan xoli mahalla maqomiga erishish maqsad qilingan.