Fargʻona viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Mirzohid Ubaydullayev bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari doirasida hududlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari ham kengayib borayotgani taʼkidlandi.
Yuzma-yuz muloqotda Fargʻona viloyatining Yevropa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, turizm va ijtimoiy sohalardagi doʻstona munosabatlari sarhisob etildi. Ayni jarayonda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
— Viloyatimizda Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur investitsiyaviy muhit va infratuzilma shakllangan, — dedi Fargʻona viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Mirzohid Ubaydullayev. — Xususan, sanoat zonalari va erkin iqtisodiy zonalarda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuvda turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Qoʻqon, Shohimardon va Soʻx hududlarida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy turizm majmualarni barpo etish va mavjud obyektlarni modernizatsiya qilish jarayonida Yevropa davlatlarining ilgʻor tajribasidan foydalanish muhimligi qayd etildi.
Elektrotexnika va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida Yevropa davlatlarining texnologik tajribasini jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish boʻyicha hamkorlik qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Samimiy muloqotda Fargʻona viloyati Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar bilan nafaqat iqtisodiy, balki taʼlim, turizm, madaniyat, innovatsiya va boshqa yoʻnalishlarda ham uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani bildirildi. Oʻz navbatida yevropalik diplomatlar Fargʻona viloyatining milliy qadriyat va anʼanalari, tarixiy-madaniy obidalari, turizm obyektlari hamda investitsiyaviy salohiyatini yuksak eʼtirof etdilar.
Uchrashuv yakunida har bir davlat bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olish, aniq investitsiya va qoʻshma loyihalarni shakllantirish, masʼullarni belgilash hamda ularni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xarita”lari ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.
Shuningdek, koʻhna qitʼa vakillari viloyatdagi nodavlat-notijorat tashkilotlari faoliyati bilan ham tanishdi. Margʻilon shahridagi Pir Siddiq majmuasiga sayohat uyushtirishdi.