Fargʻona viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida jami 6 milliard soʻmdan ortiq zarar bilan bogʻliq qonunbuzarlik holatlari fosh etildi.
Nazorat tadbirlari davomida Oltiariq tumani “Chinortagi” MFY hududida fuqaro A.O.ga tegishli ovqatlanish maskanida tabiiy gazdan loyiha-texnik hujjatlarsiz foydalanib kelinayotgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 3 milliard soʻmlik zarar qayd etilgan.
Shuningdek, Rishton tumani “Boʻston” MFYda yashovchi fuqaro O.Z.ga tegishli dam olish maskanida ham tabiiy gazdan tegishli loyiha-texnik hujjatlarni rasmiylashtirmasdan foydalanilgani maʼlum boʻlgan. Holat boʻyicha 2 milliard 287 million soʻm zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Bundan tashqari, Furqat tumanining Uzunchek mahallasida esa fuqaro T.X.ga tegishli novvoyxonada tabiiy gaz tarmogʻiga yashirincha ulanib olingani aniqlangan. Ushbu qonunbuzarlik oqibatida taʼminot korxonasiga 797 million 860 ming soʻmlik zarar yetkazilgan.
Qayd etilgan uchta holat boʻyicha aniqlangan zarar miqdori jami 6 milliard 84 million 860 ming soʻmni tashkil etadi. Mazkur holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.