Bu borada kadastr sohasida ham aholi uchun yaratilgan qulayliklarni kengaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlar joriy etilayotgani eʼtiborga sazovordir.
Bu borada Kadastr agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 13-avgust kuni tasdiqlangan qoʻshma kelishuvga asosan viloyat markazlaridagi Davlat xizmatlari markazlarida “Kadastr maslahat burchagi” tashkil etildi. Ayni jarayonda Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazida ham “Kadastr maslahat burchagi” oʻz faoliyatini boshladi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – fuqarolar va tadbirkorlarga kadastr sohasiga oid masalalarda bevosita shu yerning oʻzida amaliy koʻmak berish, xususan, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirish hamda davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonini yanada soddalashtirish.
Shu maqsadda “Kadastr maslahat burchagi”ga sohada yetarli bilim va amaliy tajribaga ega masʼul xodim biriktirildi. Burchak zarur texnika vositalari, internet tarmogʻi, axborotlar, bukletlar va yoʻriqnomalar bilan taʼminlandi. Shuningdek, QR-kodlar orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar ham joylashtirildi.
Oʻz navbatida jismoniy va yuridik shaxslarga koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kadastr pasportini rasmiylashtirish, mulk huquqini belgilash, yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda kadastr sohasiga oid boshqa masalalar boʻyicha huquqiy va amaliy tushuntirishlar berib borilishi yoʻlga qoʻyildi.
Bunday qulaylik hamyurtlarimizga qaysi xizmat uchun qayerga murojaat qilish zarurligi, arizaga qanday hujjatlarni ilova qilish va elektron xizmatlardan qanday foydalanish kerak degan muhim savollarga joyida javob olish imkonini bermoqda.
— Bu sohaga oid qonunchilik meʼyorlarini toʻliq tushunmaganimiz sababli anchadan buyon kadastr hujjatini ramsiylashtirish masalasida qiynalib kelayotgan edik, — deydi Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Gulchehra Bektemirova. — Davlat xizmatlari markazida “Kadastr maslahat burchagi” tashkil etilganini eshitib kelgach, murojaatimizga bir zumda ijobiy yechim topildi.
Mutaxassis qaysi hujjatlarni ilova qilib, ariza topshirish kerakligi boʻyicha jarayonni toʻliq tushuntirdi. Tez va sifatli xizmat uchun katta rahmat.
Demak, bundan buyon kadastrga oid masalalar yuzasidan zarur tushuntirish olish uchun turli idoralarga murojaat qilish va vaqt sarflashga hojat yoʻq. Shu maʼnoda, “Kadastr maslahat burchagi” aholiga yaqin, ochiq va qulay xizmat koʻrsatish tamoyilining amaldagi yana bir muhim yutugʻidir.