11
11

Samarqandda bolalar farovonligi boʻyicha Jahon sammiti boshlandi

Samarqand yana bir nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda. Bu yerda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yoʻl” mavzusidagi Jahon sammiti hamda bolalar onkologiyasi boʻyicha II xalqaro kongress ochilish marosimi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammit qatnashchilariga tabrigini Prezident matbuot kotibi Sh.Asadov oʻqib eshittirdi.

Shuningdek, tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi Xalilur Rahmon soʻzga chiqib, jahon sammitini oʻtkazish tashabbusini bildirgani va anjumanni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning sammit qatnashchilariga murojaatini BMTning Oʻzbekistondagi doimiy kooridinatori Sabine Maxl oʻqib berdi.

Sammitda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva, BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zoʻravonlik masalalari boʻyicha maxsus vakili Najat Malla Mjid, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva soʻzga chiqib, sammit ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zoʻravonlik masalalari boʻyicha Maxsus vakili, YUNISEF, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda xalqaro tashkilotlar va 100 dan ortiq davlat vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, mutaxassislar hamda jamoatchilik faollari ishtirok etmoqda.

Ikki kun davom etadigan tadbirda ijtimoiy himoya, sogʻliqni saqlash, erta rivojlanish, inklyuziv taʼlim hamda bolalar va oilalarni kompleks qoʻllab-quvvatlash masalalari ishtirokchilar diqqat markazida boʻladi.

Muhokamalarning asosiy mazmuni - bolalar farovonligiga yoʻnaltirilgan sarmoyani ularning kundalik hayotidagi aniq imkoniyatlarga aylantirish. Bu har bir bola uchun sifatli taʼlim, zarur tibbiy yordam, zoʻravonlikdan himoya va rivojlanish uchun teng sharoit demakdir.

Sammit davlatlar va xalqaro tashkilotlar uchun tajriba almashish, samarali yondashuvlarni muhokama qilish hamda bolalar manfaatlari yoʻlida hamkorlikni mustahkamlash maydoni boʻlib xizmat qiladi.