“Uzluksiz taʼlim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida "Huquqiy axborot" Telegram-kanalida xabar berildi.
Mazkur qarorga koʻra, barcha taʼlim tashkilotlarining pedagog (tarbiyachi) va oʻquvchilari (tarbiyalanuvchilari, talabalari) bir oʻquv yilida kamida bir marotaba maqsadli psixologik diagnostikadan oʻtkaziladi.
Bunda ushbu tizim:
birinchi bosqichda — 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida;
ikkinchi bosqichda — 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida joriy etiladi.
Psixologik diagnostika quyidagi tartibda tashkil etiladi:
diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platformada yuritiladi, shaxsga doir maʼlumotlar va diagnostika natijasida maʼlum boʻlgan maʼlumotlarning sir saqlanishi taʼminlanadi;
natijalar sunʼiy intellekt texnologiyalari orqali tahlil qilinib, pedagog va oʻquvchilar “psixologik barqaror”, “psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qoʻllab-quvvatlash zarur” guruhlariga ajratiladi;
“psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj” guruhiga kiritilganlarga taʼlim tashkilotining psixologi, “faol psixologik qoʻllab-quvvatlash zarur” guruhiga kiritilganlarga esa tegishli hudud boʻyicha mentor psixolog biriktiriladi.
Kaskadli malaka oshirish kursiga oʻqituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga bu davrda asosiy ish joyidagi lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustama toʻlanadi.
Oʻquv yili davomida psixologik barqarorlikni taʼminlashda yuqori koʻrsatkichlarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 20 barobari miqdorida bir martalik moddiy ragʻbatlantiriladi. Taʼlim tashkilotlari psixologik xizmat xodimlari besh yilda kamida bir marotaba malakasini oshirishi shart etib belgilanadi.
Nizomiy Ganjaviy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya oʻquv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va Taʼlim va ilm-fan vazirligi boʻysunuviga oʻtkaziladi. Institutda 2027-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli psixologiya va sunʼiy intellekt, Taʼlim psixologiyasi va psixologik xizmat, Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.