Yusupov Doniyor Muqumdjanovich Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari — Shahar kanallaridan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlumot uchun, Doniyor Yusupovning maʼlumoti oliy — Toshkent avtomobil yoʻllari institutining bakalavriat va magistratura bosqichlarini avtomobil yoʻllari va inshootlari qurilishi hamda avtomobil yoʻllari va aerodromlar mutaxassisliklari boʻyicha tamomlagan.
U mehnat faoliyati davomida Toshkent shahar yoʻl qurilish va taʼmirlash tresti, Respublika yoʻl jamgʻarmasi, avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi, Toshkent shahar mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati hamda Yunusobod tumani hokimligida masʼul lavozimlarda ishlagan.
Tayinlovga qadar Doniyor Yusupov Yunusobod tumani hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.