18-oktyabr kuni kechqurun Toshkentda havo sifati xalqaro AQI boʻyicha qisqa muddat «nosogʻlom» darajagacha yomonlashdi. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.
Bunga PM2.5 va PM10-mayda zarrachalari miqdorining ortishi, kuchsiz shamol va kuchli harorat inversiyasi sabab boʻlgan. Natijada ifloslantiruvchi moddalar havoning quyi qatlamida toʻplangan.
19-oktyabr ertalab xalqaro AQI koʻrsatkichi 123 ni tashkil etib, havo sifati sezgir guruhlar uchun noqulay deb baholandi. Milliy indeks boʻyicha esa u «sariq» darajada qayd etildi.
Prognozlarga koʻra, bugun kunduzi va kechqurun ham havo sifati xalqaro indeks boʻyicha sezgir guruhlar uchun noqulay boʻlishi kutilmoqda. Milliy indeks boʻyicha kunduzgi koʻrsatkich «sariq» darajada boʻlishi prognoz qilingan.