15-oktyabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod, Yangixayot va Chilonzor tumanlariga yangi hokimlar tasdiqlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Abdulaziz Abdulxakov Yashnobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. U 1980-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan.
U mehnat faoliyati davomida hokimlik tizimida qurilish, arxitektura va kommunal xoʻjalik sohalarida turli masʼul lavozimlarda ishlagan. 2018–2025-yillarda Mirzo Ulugʻbek tumani hokimining qurilish, infratuzilma va obodonlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari boʻlgan. 2025-yildan esa «UET Construction» MCHJ ijtimoiy obyektlarni qurish departamenti direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Lazizbek Temirov Yangixayot tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U 1989-yilda Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida tugʻilgan. 2012-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2021-yilda esa mazkur universitet magistraturasini tamomlagan.
U iqtisodiyot va davlat boshqaruvi tizimida turli masʼul lavozimlarda ishlagan. 2024-yildan Yashnobod tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.
Hayot Inogʻamov Chilonzor tumani hokimi boʻldi. U 1986-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2006-yilda Toshkent avtomobil yoʻllari institutini, 2008-yilda esa mazkur institut magistraturasini tamomlagan.
U mehnat faoliyati davomida transport, yoʻl infratuzilmasi va davlat boshqaruvi tizimida turli masʼul lavozimlarda ishlagan. 2020-yildan buyon Yangixayot tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.