11
11

Ona tilimiz bayrami Samarqandda ham keng nishonlandi

Samarqand shahridagi markaziy istirohat bogʻida, hazrat Alisher Navoiy haykali yonida Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 37 yil toʻlishi hamda Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Unda viloyat va shahar hokimligi masʼullari, yozuvchi va shoirlar, oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchi va talabalari, milliy madaniy markazlari, mahallalar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbirda soʻz olganlar ona tilining millat maʼnaviyati, milliy oʻzligi va tarixiy xotirasini asrashdagi oʻrniga toʻxtalib, davlat tiliga hurmatni kundalik hayotda namoyon etish muhimligini taʼkidlashdi.

Shuningdek, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash, uning qoʻllanish doirasini kengaytirish hamda yosh avlodda ona tiliga hurmat tuygʻusini shakllantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5
Gallery 6

Bayram dasturidan turli millat vakillari boʻlgan talabalarning chiqishlari, kuy-qoʻshiqlar va sahna asarlari ham oʻrin oldi. Shoirlar ona tilini madh etuvchi sheʼridan oʻqib berdi.

Sana munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻida kitoblar, tasviriy va amaliy sanʼat hamda hunarmandchilik namunalari koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Kun davomida tashrif buyuruvchilar koʻrgazma bilan tanishish imkoniga ega boʻladilar.

Tadbir yakunida jamoatchilik vakillari ishtirokida Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻyildi.