Ekopolitsiyaning Pastdargʻom tumani boʻlimi xodimlari tomonidan tumanning olis va chekka hududlarida 100 yoshdan oshgan daraxtlarni aniqlash va xatlovdan oʻtkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Pastdargʻom tumani Oʻrta Charxin mahallasi hududidagi 46-maktab hovlisida joylashgan chinor daraxti 136 yoshda boʻlib, balandligi 40 metr, tanasining aylanasi 6.30 smni tashkil etadigan ushbu daraxt davlat muhofazasiga olinib, tuman hokimi qaroriga binoan “Davlat tabiat yodgorligi” maqomi beriladigan boʻldi.
Tumanda bu kabi ishlar tabiatni asrash, noyob va uzoq yillar davomida saqlanib kelayotgan daraxtlarni muhofaza qilish hamda ularni kelajak avlodlarga yetib borishini taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Xatlov jarayonida daraxtlarning yoshi, holati, joylashuvi va saqlanish darajasi oʻrganilib, ularni muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Nurobod tumani Jarquduq mahallasining Changali qishlogʻidagi Rajab Omonov xonadonida ham xuddi shunday sakkiz tup qadimiy tut daraxti asrlar qaʼridan bugungi kungacha yetib kelgan.
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
Maʼlumotlarga koʻra, ularning toʻrttasi qariyb 400 yillik boʻlib, qolgan toʻrttasi XIX asr oxirida ekilgan. Bu tutlar yurtning quvonchli kunlariga ham, ogʻir sinovlariga ham guvoh boʻlgan. Ayniqsa, XX asrning 30-yillaridagi qahatchilik davrida ularning mevasi koʻplab odamlar uchun tiriklik va najot manbai boʻlgan.
Shunday ekan bu sakkiz tup tut nafaqat tabiatning noyob moʻʼjizasi, balki xalqimizning boy tarixi, sabr-bardoshi va avlodlar xotirasini oʻzida mujassam etgan tirik tarixiy yodgorlikdir. Ularni ham asrab-avaylash va kelajak avlodlarga qoldirish ustuvor vazifamiz hisoblanadi.