11
11

Oʻzbekistonda yashil bogʻlar va jamoat parklari sonini 1 023 taga yetkazish rejalashtirilmoqda

Oʻzbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi tizim joriy etiladi, xabar berdiEkologiya qoʻmitasi prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga tayanib.

Mahallalarni koʻkalamzorlashtirish darajasini oshirish maqsadida xalqaro “3-30-300” standarti joriy etiladi. Ushbu standart har bir insonni uchta daraxt bilan taʼminlashni, 30 foizlik soya-salqin maydon yaratishni va taxminan 300 metr masofada yashil hudud boʻlishini nazarda tutadi.

Shuningdek, 2030-yilga borib yashil bogʻlar va yashil jamoat parklari sonini 1 023 taga yetkazish, 2026-yilning kuzgi mavsumida “Yashil makon” loyihasi doirasida 257 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parklarini barpo etish, 2030-yilga qadar har bir tuman va shaharda umumiy uzunligi kamida 10 km boʻlgan kamida beshta soya-salqin sayr koʻchalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

2026-yil kuzgi mavsumidan boshlab yer maydoni cheklangan mahallalarda, koʻp qavatli uylar oraligʻidagi hududlarda, shuningdek, maktab va bogʻcha hovlilarida “mahalla mikrooʻrmonlari” barpo etiladi. 200 dan 1 000 kv. metrcha boʻlgan maydonlarda daraxt va bargdor butalarni zich ekish usuli qoʻllaniladi — har bir kvadrat kilometrga kamida ikkitadan koʻchat ekilib, koʻp bosqichli oʻsimliklar shakllantiriladi.

Yer maydoniga ajratish imkoniyati boʻlmagan tumanlarda, shuningdek, beton yoki asfalt qoplamali hududlarda kichik jamoat bogʻlari yaratiladi.

Botanika va dendrologiya bogʻlari, oʻrmon xoʻjaliklari, yirik yashil hududlar va obodonlashtirish boshqarmalari hududlarida kompostlash va mulchalash tizimi joriy etiladi. Tegishli sanitariya va gidrogeologik sharoitlarga ega joylarda uzunligi 12 m, kengligi 4 m va chuqurligi kamida 1 m boʻlgan transheyalardan foydalaniladi. Namlik darajasi har 15 kunda tekshirilib, taxminan 70% darajasida saqlanadi. Tayyor kompost va mulcha, birinchi navbatda, tegishli hududdagi ochiq tuproq maydonlarini qoplash va parvarish qilishga yoʻnaltiriladi.

Bundan tashqari, aholining yashil bogʻlar yaratish boʻyicha talab va takliflarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boshlab “Yashil lot” tizimi joriy etiladi. Tizim doirasida mavjud yer maydonlari jismoniy va yuridik shaxslarga yashil bogʻlar yaratish uchun ajratiladi. Bunda ajratilgan yer maydoni mulk qilib berilmaydi hamda unda qurilish va boshqa turdagi faoliyat yuritish taqiqlanadi.

2028-yil 1-sentyabrgacha, iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, har bir hududda muayyan hududning iqlimiy-geografik zonalariga mos keladigan daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirishga ixtisoslashgan bittadan in vitro laboratoriyasi tashkil etiladi. Laboratoriyalarda qurgʻoqchilikka, shoʻrlanishga, yuqori harorat va kasalliklarga chidamli, shuningdek, qum va chang koʻchishining oldini olishga yordam beradigan daraxt va buta turlari koʻpaytiriladi.

Barcha hududlarda tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan zamonaviy koʻchatxonalar va koʻchat sotish markazlari tashkil etiladi.