Ekologik ekspertiza tizimida yangicha yondashuv

Keyingi yillarda iqlim oʻzgarishiyu atmosfera havosining ifloslanishiga davlat miqyosida jiddiy eʼtibor berilmoqda. Chunki oʻtgan yil yoz chillasida koʻpchilik joylarda changu toʻzonlardan nafas olish qiyinlashdi, hatto Toshkent havosi ifloslangan dunyo shaharlari reytingida birinchi oʻringa chiqib ketdi. Muammo yechimiga Prezidentimiz eʼtibor qaratgach, vaziyat oʻnglana boshladi. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tashkil etilib, unga qoʻshimcha vakolatlar berilgani ham bejiz emas. Bugun aholi salomatligi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan atmosfera havosini ifloslantirishga hech kimning haqqi yoʻq, degan talab qonun tusini olgan. Bundan buyon kattayu kichik shaharlar havosini toza saqlash,qishloq va ovullar obodonchiligi, yashil hududlarni koʻpaytirish bilan bogʻliq loyihalarda ekologik talablar yanada ustuvor boʻladi. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida ana shu masalalar xususida soʻz yuritildi. Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori Gʻayrat Muxamedov esa tadbirda hukumatimizning shu yil 11-maydagi 234-son qarori talablariga toʻxtalib shunday dedi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5
Gallery 6
Gallery 7

—Avvalo, ekologik ekspertiza tizimini takomillashtirishdan koʻzlangan asosiy maqsad — aholi salomatligi, uning yashash tarziga xalaqit beradigan loyihalarga yoʻl qoʻymaslik. Hamma narsa inson uchun, uning baxtu saodati uchun degan gap shunchaki, qogʻozda qolmasa, ekologik talab toʻliq ustuvor boʻlsa, hayotimiz yanada mazmunli kechadi. Butun dunyoda shunday. Hatto Yevropaning rivojlangan davlatlarida bitta daraxt yo niholni qurib qolishi yo kimningdir unga zarar keltirishi katta shov-shuvga sababchi boʻladi. Chunki oʻsha daraxt atmosfera tozaligi uchun kerak. Nega bizda ekologik hushyorlik ustuvor boʻlmasligi lozim? Hukumatimizning yuqoridagi qarori xuddi shu maqsadga — atrof-muhitga taʼsirni baholash tizimini xalqaro yondashuvlar asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Loyihalarning ekologik xavflilik darajasiga qarab baholash, skrining va skoping bosqichlari, uglerod isi va issiqxona gazlari emissiyasi, bu borada jamoatchilik ishtiroki, loyiha ishlab chiquvchilarning masʼuliyati. Bularning barchasi hujjatda oʻz aksini topgan va asosiysi tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish.

Bu elektron murojaat qilish imkoniyati, loyihaning atrof-muhitga zarar keltirmasligi, jarayonlarning yanada shaffof va tushunarli boʻlishi, ochiq reyting tizimi orqali ishonchli loyiha ishlab chiquvchilarni tanlash imkoniyati, ortiqcha vaqt va xarajatlarning qisqarishi demakdir. Asosiy eʼtibor yangi cheklovlar joriy etishga emas, balki ekologik xavflarni oldindan baholash, sansalorlikka barham berish, davlat xizmatlari shaffofligini oshirish va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga qaratilmoqda.

Endilikda amaldagi 4 ta toifaga boʻlingan ekologik ekspertiza obyektlari bittaga qisqartirilmoqda. Bu oʻz navbatida atrof-muhitga taʼsiri kam boʻlgan minglab kichik biznes vakillari uchun ekologik ekspertizadan oʻtish bekor qilinadi deganidir. Obyektlarning tarmoqlar kesimida berilishi esa huquqni qoʻllash amaliyotida chalkashliklar olib kelmaydi. Shuningdek davlat ekologik ekspertizasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali amalga oshirish tartibining belgilanishi ham tadbirkor foydasiga xizmat qiladi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5
Gallery 6

Yana bir eʼtiborga molik jihat. Ekologik ekspertiza bilan bogʻliq jarayonda xalqaro hujjatlar, xususan, Parij kelishuvi, Bazel, Bio-xilma xillik konvensiyalari doirasida olingan majburiyatlar ijrosiga yoʻnaltirilgan huquqiy asoslar joriy etilmoqda.

Jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish yakuniy xulosalarni mukammal tarzda qabul qilishda qoʻl keladi. Agar raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, oʻtgan yil davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan 49 620 ta ekologik loyiha ekspertiza qilingan va shundan 700 ga yaqini rad etilgan. Kelgusida talab yanada kuchayadi. Chunki bu jarayon nafaqat tabiatni asrash, balki kelajak avlod uchun sogʻlom va xavfsiz muhit yaratish uchun ham juda muhim.

Hukumat qarorini tayyorlashda Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Kanada, AQSH, Turkiya, Gruziya, Singapur, Rossiya va Qozogʻiston kabi xorijiy davlatlarning ekologik ekspertiza sohadagi qonunchiligi va amaliyoti eʼtiborga olingan. Shuningdek, Jahon banki, BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi ekspertlari, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Koreya atrof-muhit institutining malakali ekspertlari bilan hamkorlik qilindi. Bunday yondashuv Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida xalqaro meʼyorlarga amal qilish orqali nufuzini yanada oshishiga ham xizmat qiladi.