Yozgi yuqori harorat sharoitida daraxtlarni toʻgʻri parvarishlash va sugʻorish yashil hududlarni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mutaxassislar issiq kunlarda suvdan samarali foydalanish va agrotexnik qoidalarga amal qilishni tavsiya qilmoqda.
Yuqori harorat taʼsirida tuproq namligi tez kamayadi, suv bugʻlanishi kuchayadi va daraxtlar issiqlik stressini boshdan kechiradi. Shu bois sugʻorish ishlarini toʻgʻri tashkil etish daraxtlarni sogʻlom saqlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Mutaxassislarga koʻra, daraxtlarni sugʻorish uchun eng maqbul vaqt kechki soat 20:00 dan ertalabki 05:00 gacha boʻlgan davr hisoblanadi. Bu paytda havo harorati nisbatan past boʻlgani sababli suvning bugʻlanishi kamayadi va namlik tuproqning ildiz qatlamiga yaxshiroq singadi.



Kunduzgi 10:00 dan 17:00 gacha boʻlgan vaqtda sugʻorish tavsiya etilmaydi. Chunki bu davrda suvning katta qismi bugʻlanib, oʻsimlikka yetarlicha samara bermasligi mumkin.
Shuningdek, sugʻorish vaqtida suvni daraxt barglariga emas, balki ildiz atrofiga sekin va meʼyorda quyish kerakligi qayd etilgan. Bu namlikning chuqur qatlamlarga yetib borishiga va daraxtning qurgʻoqchilikka chidamliligini oshirishga yordam beradi.
Daraxtlarni sugʻorish meʼyori ularning yoshiga qarab belgilanadi. Yangi ekilgan koʻchatlarni kamroq miqdorda, ammo tez-tez sugʻorish, yosh daraxtlarni haftasiga 2–3-marta, katta daraxtlarni esa haftasiga 1–2-marta chuqur sugʻorish tavsiya etiladi.



Mutaxassislar, shuningdek, daraxtlar atrofini 5–10 santimetr qalinlikda organik materiallar bilan qoplash — mulchalash usulidan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Bu tuproqda namlikni saqlash, haroratni pasaytirish va suv sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida imkoniyat mavjud hududlarda tomchilatib sugʻorish tizimlarini qoʻllash ham samarali usullardan biri hisoblanadi. Mutaxassislar anomal issiq kunlarda daraxtlarni parvarishlashda tuproq namligini muntazam nazorat qilish, oʻsimlik turi va yoshiga qarab sugʻorish meʼyorlarini belgilash yashil hududlarni saqlashda muhim ekanini taʼkidlamoqda.