Oʻzbekistonda noyob yovvoyi hayvonlarni ovlash taqiqlandi

Shu yilning 1-avgust kunidan boshlab Oʻzbekistonda kamyob va yoʻqolib ketish xavfi yuqori boʻlgan yovvoyi hayvonlarni ovlash taqiqlandi. Bu haqida Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu cheklov Vazirlar Mahkamasining “Hayvonot dunyosi yoʻqotishlarining oʻrnini qoplash hamda kamyob va yoʻqolib ketish xavfi yuqori boʻlgan yovvoyi hayvonlarni himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2028-yilning 1-yanvar sanasiga qadar amal qiladi.

Taqiq fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xoʻjaliklarida saqlanayotgan yoki yetishtirilayotgan yovvoyi hayvonlarga nisbatan, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun amalga oshiriladigan ovga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, yovvoyi hayvonlarni tutish boʻyicha kvotalarni shakllantirish va taqsimlash jarayonida ov qilish taqiqlangan kamyob hamda yoʻqolib ketish xavfi yuqori boʻlgan turlarga kvota ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mazkur qaror davlatimiz rahbarining 2025-yil 30-yanvardagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi PF–16-son Farmoni ijrosini taʼminlash, hayvonot dunyosi yoʻqotishlarining oʻrnini qoplash choralarini kuchaytirish hamda ekotizimlar barqarorligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan.