11
11

Kontrakt toʻlovlari muddati 1-noyabrga qadar uzaytirildi

2026-2027 oʻquv yili uchun oliy taʼlim tashkilotlarida kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati 1-noyabrga qadar uzaytirildi. Bu haqida Taʼlim va ilm-fan vazirligi xabar berdi.

Bildirilishicha, mazkur muddat bakalavriat va magistraturaga oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar, oʻqishi koʻchirilgan yoki koʻchirib tiklangan hamda oʻqishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.

Belgilangan muddatga qadar bazaviy toʻlov-kontrakt boʻyicha yillik qiymatning kamida 25 foizi, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt boʻyicha esa kamida 50 foizi toʻlanishi lozim.

Shuningdek, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan pedagog xodimlarning farzandlari uchun toʻlov-kontrakt summasining 30 foizini qoplab berish tartibi joriy etilgan. Chegirma olish uchun "kontrakt.edu.uz" platformasi orqali ariza yuborish kerak.