"Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetining uch nafar vakili "QS ImpACT Awards 2026" xalqaro mukofotining uchta nominatsiyasi boʻyicha finalga chiqdi. Bu haqida Suv xoʻjaligi vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga hissa qoʻshuvchi tashabbuslarni eʼtirof etadigan ushbu tanlovga joriy yilda 114 mamlakatdan 1 375 ta ariza kelib tushgan. Tanlov doirasidagi loyihalar 550 925 nafardan ortiq inson hayotiga taʼsir koʻrsatgan.
"The Best SDG Project" — universitet doktoranti Sayfulla Qodirov. Uning “Burgutkoʻz” va “Boyqush” uchuvchisiz uchish apparatlari loyihalari zamonaviy texnologiyalarni qishloq xoʻjaligiga tatbiq etishga qaratilgan.
"Community Health and Well-being Award (Youth)" — Iqtisodiyot fakulteti talabasi Muhammad Valievning "LAPUTA PROJECT" loyihasi, jamiyat salomatligi va farovonligini yaxshilashga qaratilgan yoshlar tashabbusi.
"University Sustainability Leadership Award" — “Iqtisodiyot” kafedrasi assistenti Sardor Karimovning “Future Economists: Building SDG Leadership at TIIAME Through Global Partnerships” loyihasi. Tashabbus boʻlajak iqtisodchilarda barqaror rivojlanish sohasidagi yetakchilik koʻnikmalarini shakllantirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
"Uchta nominatsiyada finalga chiqish universitetimizda ilmiy-texnologik innovatsiyalar, yoshlar tashabbuslari va barqaror rivojlanish yoʻnalishlarida olib borilayotgan ishlarning xalqaro maydondagi eʼtirofidir", — deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, shu yilning 5-6-dekabr kunlari, Buyuk Britaniyaning London shahrida "QS ImpACT Youth Summit 2026" doirasida gʻoliblar eʼlon qilinadi.