11
11

Fargʻonada xalqaro dual taʼlim loyihasi asosida oʻquv jarayoni yoʻlga qoʻyildi

Ayni jarayonda Fargʻona shahridagi 1-sonli texnikum negizida raqamli kasblar texnikumi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar boshlandi.

Ezgu tashabbusga koʻra, loyihaning ilk bosqichida texnikumda 600 nafargacha talaba, xalqaro dual taʼlim dasturlarida esa 120 nafar talaba hamda IT kurslarida 1100 nafargacha oʻquvchini qamrab olish rejalashtirilgan.

Taʼlim jarayonida dasturlash, sunʼiy intellekt, dizayn grafikasi, 3D modellashtirish, robototexnika, kiberxavfsizlik va boshqa zamonaviy IT yoʻnalishlari hamda kelajak kasblari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

— Asosiy maqsad – oʻquvchilarimizning amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash mahoratini oshirish va mehnat bozorida raqobatbardosh yangi avlod mutaxassislari tayyorlashga qaratilgan, — deydi Fargʻona shahridagi 1-sonli texnikum direktori Nigoraxon Teshaboyeva. — Bunday yondashuvning yana bir muhim tomoni – yosh mutaxassis ish jarayoniga oldindan moslashadi. Ish beruvchi esa kerakli mutaxassisni tayyorlash jarayonidayoq, uning kasbiy salohiyatini shakllantirish imkoniga ega boʻladi.

Loyihaning muhim jihatlaridan yana biri oʻquv jarayonini toʻliq amaliyot bilan uygʻunlashtirishga qaratilganidir. Unda talabalar oʻqish bilan bir vaqtda korxonalarda faoliyat yuritib, egallayotgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotda mustahkamlaydi. Bu borada oʻquvchilarga nazariy bilimlarni oʻrgatish va amaliy koʻnikmalar berish uchun Rossiyadan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Shuningdek, loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari taʼlim dasturlarini hudud ehtiyojlariga moslashtirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi. Oʻz navbatida Fargʻonada zamonaviy IT taʼlim infratuzilmasini yanada rivojlantirish dasturlarida faol ishtirok etishga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Aytish joiz, “Sinergiya” Rossiyadagi yirik taʼlim va innovatsion klasterlardan biri boʻlib, uning tarkibiga 50 dan ortiq tashkilot kiradi.