Andijonda 38,3 mlrd soʻm mablagʻlar “keshbek” sifatida oʻgʻirlandi

Andijon viloyatida 38,3 mlrd soʻm mablagʻlar “keshbek” sifatida talon-toroj qilinganligi fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

Unda fuqaro Yo.Q. va boshqalar oʻzaro til biriktirib, 5 ta MCHJga boshqa MCHJlar tomonidan 2,2 trln soʻmlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirib, goʻyoki savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotganligi haqida xarid cheklarini chiqarishgan.

Shundan soʻng, 94 921 nafar fuqaro va ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga “Soliq Mobile” ilovasi orqali “keshbek” sifatida toʻlab berib, 38,3 mlrd soʻm byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari fosh etilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.