Andijon viloyatida transport sohasi kundan-kunga taraqqiy etib, mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Ayniqsa, yuk avtomobillari ishlab chiqarish, ularni mahalliylashtirish va xorijiy bozorlarga eksport qilish borasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023-yilda faoliyatini boshlagan “Van Universal Motors” MCHJda bugun 7 xil modeldagi yuk avtomobili ishlab chiqarilmoqda.
— Ishlab chiqarish quvvatlarimizni yanada kengaytirish maqsadida yangi sanoat maydonida qoʻshimcha quvvatlar barpo etyapmiz, — deydi korxona boshqaruv direktori Ismoil Nazirov. — Loyiha amalga oshirilgach, 12 tonnadan 50 tonnagacha yuk koʻtarish imkoniyatiga ega transport vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bu esa mahsulot turlarini koʻpaytirish bilan birga, eksport salohiyatimizni ham oshirish imkonini beradi.
Korxona mahsulotlari hozirda Tojikiston va Afgʻonistonga eksport qilinmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi eksport geografiyasini yanada kengaytirish, xorijiy bozorlarga yangi turdagi yuk avtomobillarini chiqarish va korxonaning ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi.