Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirda bank xodimi 100 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, u nufuzli banklardan birining Toshkent viloyatidagi mintaqaviy markazi Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi boʻlgan.
Tergovga qadar aniqlangan holatlarga koʻra, mazkur shaxs 2024-yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan elektron onlayn-auksion orqali oʻz otasiga chorvachilik maqsadida foydalanish uchun ijara huquqi asosida sotilgan, Quyichirchiq tumani hokimligi balansidagi 16,05 gektar yer maydonini sotish hamda hokimlik zaxirasida boʻlgan 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan jami 4 million 250 ming AQSH dollari talab qilgani aytilmoqda.
Tezkor tadbir davomida u soʻralgan pul mablagʻining 100 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.