Samarqandda 3,3 milliard soʻmlik gazdan noqonuniy foydalanildi

Samarqand shahrida koʻp qavatli turar-joy binosida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqida “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali, shahar gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari hamda huquq-tartibot organlari vakillari hamkorligida Samarqand shahrining “Qorasuv” mahallasida joylashgan “A. B.” MCHJga qarashli koʻp qavatli turar-joy binosi xatlovdan oʻtkazilgan.

Tekshiruv davomida mazkur obyektning taʼminot korxonasi bilan tegishli shartnoma tuzmasdan va loyiha hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, tabiiy gaz tarmogʻiga toʻgʻridan toʻgʻri ulangan holda gazdan foydalanib kelgani aniqlangan.

Holat yuzasidan belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 3 milliard 357 million soʻmlik zarar aniqlangan. Mazkur holatga oid barcha hujjatlar qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.