Fargʻonada ikki hamshira pichoqlandi, ulardan biri vafot etdi

Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanidagi markaziy shifoxonada ikki nafar hamshira pichoqlangan. Holatni Bosh prokuratura matbuot kotibi tasdiqlagan.

Maʼlum qilinishicha, voqea 7-sentyabr kuni sodir boʻlgan. Hujum oqibatida hamshiralardan biri voqea joyida vafot etgan. Ikkinchi hamshiraga tez tibbiy yordam koʻrsatilib, uning hayoti saqlab qolingan.

Kun.uz maʼlumotlariga koʻra, hamshiralarga pichoq bilan hujum qilgan shaxs ayol kishi boʻlgan. U hamshiralarni xonaga qamab, soʻng ularga hujum qilgan. Qalampir.uz esa gumonlanuvchi ham hamshira boʻlgani haqida yozgan.

Hozircha hodisaga nima sabab boʻlgani va ishning boshqa tafsilotlari maʼlum qilinmagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.