Namanganda besh yoshli qizaloqning jinsiy tajovuzga uchrashi bilan bogʻliq fojiadan soʻng uning oilasi boshqa shaharga koʻchirilib, uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan taʼminlanadi. Oilaga toʻliq ijtimoiy yordam koʻrsatiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi voqea yuz bergan ilk kunlardan boshlab vaziyatni nazoratga olgan. Mutaxassislar va psixologlar qizaloq hamda uning onasi bilan ishlamoqda, oilaga zarur yordam va koʻmak koʻrsatilmoqda.
“Oila boshqa shaharga koʻchib oʻtadi, uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan taʼminlanadi”, — deydi Shahnoza Mirziyoyeva.
Uning soʻzlariga koʻra, qizaloqning onasiga oʻqishini davom ettirishi va ishga joylashishi boʻyicha ham koʻmaklashiladi. Zarur hollarda oilaning familiyasini oʻzgartirish masalasida ham yordam koʻrsatiladi.
“Eng muhimi, bolajon va uning yaqinlari xavfsiz joyda yangi hayot boshlashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi”, — deya taʼkidlaydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyati vakili.
Shahnoza Mirziyoyevaning maʼlum qilishicha, Prezident Administratsiyasi mazkur masalani alohida nazoratga olgan, masʼul idoralar esa voqea yuz bergan ilk kunlardan ishga jalb qilingan.
“Mazkur jinoyat aslo jazosiz qolmaydi”, — deb yozadi u.
Avvalroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham mazkur fojiaga munosabat bildirib, jinoyatga aloqador barcha shaxslar qonun doirasida javobgarlikka tortilishi zarurligini taʼkidlagan edi.