Turkiyaning “Brocenna” va “Goʻktan” kompaniyalari direktori Tanriverdi Belgin, kompaniyalar taʼsischilari Eraslan Nejat hamda Bayindir Ismail Xakki Namangan viloyatida gulchilik yoʻnalishida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida tashrif buyurdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlum qilishicha, mehmonlarning bilan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov uchrashuvida gulchilik sohasini rivojlantirish, gullarning yangi navlarini olib kelish, ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi hududida hamkorlikda botanika bogʻini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Turkiyalik hamkorlarda katta qiziqish uygʻotgan mazkur tashabbus gulchilik sohasini rivojlantirish bilan birga, hududning turistik salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida turli navdagi gullar va manzarali oʻsimliklar kolleksiyasini shakllantirish, sohada xalqaro tajribani tatbiq etish hamda aholi va sayyohlar uchun yangi maskan yaratish imkoniyatlari koʻzda tutilmoqda.