Namanganda turizm va mehmonxona xoʻjaligi uchun kadrlar tayyorlashda Avstriyaning dual taʼlim tajribasi joriy etiladi. Shu maqsadda IMC Krems University of Applied Sciences bilan hamkorlikda xalqaro mehmonxona menejmenti maktablarini tashkil etish va qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlumotlaoriga koʻra. IMC Krems asoschisi va kuzatuv kengashi raisi Xayns Boyer boshchiligidagi delegatsiya Namanganda boʻlib, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi. Muloqotda mehmonxonalarni boshqarish boʻyicha xalqaro standartlarga mos mutaxassis va trenerlar tayyorlash, taʼlimni amaliyot bilan uygʻunlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya Chortoq tumanidagi 1-son texnikumda ham boʻlib, muassasaning taʼlim dasturlari, oʻquv ustaxonalari va moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi. Texnikum negizida Avstriya tajribasi asosida dual taʼlim modelini joriy etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
-Shu yilning 27-sentyabr oyida Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Avstriyada xizmat safarida boʻlib kasbiy taʼlim sohasida tajriba oʻrganish bilan birgalikda taʼlim sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha memorandum imzolab kelgan edik, - deydi texnikum direktori Abdulxamid Xoliqov. – Bugun bu saʼy-harakatlarimiz amaliy ishlarga koʻcha boshladi. Hamkorlarmiz bilim dargohimizda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, ular bilan moddiy-texnikaviy, tashkiliy masalalar boʻyicha aniq reja va vazifalarni belgilab olamiz.
Shuningdek mehmonlar Axsikent arxeologiya parkiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ochiq osmonosti muzeylari hamda “Boqiy shahar” loyihasi bilan tanishdilar..
“Oydin Plaza” mehmonxonasidagi ishchi uchrashuvda esa turizm va mehmonxona xoʻjaligi uchun kadrlar tayyorlash, oʻqituvchi va oʻquvchilar almashinuvi, xalqaro stajirovkalarni tashkil etish hamda amaliy taʼlimni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.