Joriy yilda mamlakatimiz hududlarida umumiy qiymati 7 309,3 mln dollarlik 2 471 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va ular hisobidan 124 955 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Bu haqida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, shu yilning 30-sentyabr holatiga koʻra, belgilangan loyihalarning 1 515 tasi ishga tushirilgan. Mazkur loyihalar doirasida 54 062 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Ishga tushirilgan loyihalarning 1 259 tasi hududiy investitsiya dasturi, 256 tasi esa qoʻshimcha loyihalar hisobiga toʻgʻri keladi. Shundan dastur doirasidagi loyihalar orqali 47 822 ta, qoʻshimcha loyihalar hisobidan esa 6 240 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Loyihalar soni boʻyicha hududlar kesimida Fargʻona viloyati 382 ta loyiha bilan yetakchilik qilmoqda. Namangan viloyati — 304 ta, Samarqand viloyati — 262 ta va Toshkent viloyati — 197 ta loyiha bilan keyingi oʻrinlarda qayd etilgan.
Yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha esa Namangan viloyati — 20 540 ta koʻrsatkich bilan birinchi oʻrinda. Andijon viloyatida 16 380 ta, Fargʻona viloyatida 14 807 ta, Toshkent viloyatida esa 14 172 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.