Andijon viloyati IIBga yangi rahbar tayinlandi

Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻiga asosan, ilgari Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimida xizmat qilgan polkovnik Shermuxamedov Abdumajid Mavlyanovich Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi etib tayinlangan.

Yangi rahbarni jamoaga tanishtirish hamda hududda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi vazifalarni muhokama qilish maqsadida yigʻilish oʻtkazildi.

Unda viloyat hokimi Shuxratbek Abduraxmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining masʼullari, Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari, xalq deputatlari Kengashi aʼzolari, shahar va tumanlar jamoatchilik faollari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida hududdagi kriminogen vaziyat, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Yigʻilishda yangi tayinlangan rahbar zimmasiga jinoyatchilikni jilovlash, mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash, fuqarolar roziligini taʼminlash hamda mavjud muammolarni aniqlab, ularni tizimli hal etishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, shahar va tuman ichki ishlar boʻlimi rahbarlariga profilaktik va amaliy ishlar samaradorligini oshirish, jamoat xavfsizligini taʼminlashda hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Tadbir yakunida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish va hududda kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlar belgilab olindi.