Nukus shahrida ona va bola salomatligini asrash, perinatal yordamni takomillashtirish va dalillarga asoslangan tibbiyotning zamonaviy yutuqlarini klinik amaliyotga joriy etishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan “Oʻzbekistonda perinatal tibbiyot: bugun va ertaga” mavzusidagi II xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda.
Konferensiya ishida Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oral Ataniyazova ishtirok etdi.
Tadbir mamlakatimizning turli hududlaridan yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar, olimlar, amaliyotchi shifokorlar va ekspertlarni birlashtirdi. Konferensiya davomida katta akusherlik sindromlarini erta tashxislash va oldini olish, perinatal skriningni takomillashtirish, kritik holatlar xavfini kamaytirish, reproduktiv texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini kundalik tibbiyot amaliyotiga joriy etish boʻyicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Senator oʻz nutqida ona va bola salomatligini asrash Oʻzbekiston davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, soʻnggi yillarda aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, jumladan, onalik va bolalik sohasida sezilarli yutuqlarga erishilgani taʼkidlandi. Tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullari joriy etilmoqda, aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda, onalar va bolalar oʻlimini kamaytirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Konferensiya doirasida ilgʻor xalqaro tajriba va ilmiy yutuqlarni almashish, samarali amaliy tavsiyalarni muhokama qilish, malakali kadrlar tayyorlash va perinatal tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.