Senator Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Parlamentlar ittifoqining 20-sessiyasida ishtirok etdi

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Kobuljon Tursunov Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Parlamentlar ittifoqi Konferensiyasining 20-sessiyasida ishtirok etdi.

“Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarda parlamentlararo hamkorlik orqali barqaror va inklyuziv iqtisodiy rivojlanishga koʻmaklashish” mavzusiga bagʻishlangan mazkur nufuzli anjuman 40 dan ortiq mamlakat parlament delegatsiyalari, 10 dan ziyod davlat parlamentlari rahbarlari hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirdi.

Tadbirda kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan fikr almashilib, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, barqaror va inklyuziv iqtisodiy taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlash hamda Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, sessiya doirasida Bosh qoʻmita, Ijroiya qoʻmitasi, Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar parlamentlari bosh kotiblari assotsiatsiyasi hamda siyosiy masalalar va xalqaro munosabatlar, iqtisodiy masalalar va atrof muhit, huquqiy va madaniy masalalar, sivilizatsiyalar va dinlararo muloqot, inson huquqlari, xotin-qizlar va oila masalalari boʻyicha qoʻmitalar yigʻilishlari oʻtkazildi.