Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida NNT vakillari uchun “Ijtimoiy taʼsir va notijorat tashkilotlarini boshqarish” yoʻnalishida navbatdagi malaka oshirish kursi boshlandi.
Ochilish marosimida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Qodirxonova ishtirok etib, NNT faoliyatini samarali tashkil etish, ularning boshqaruv salohiyati va moliyaviy barqarorligini oshirish fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlarining fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi oʻrni, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, jamoatchilik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda NNT faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ijtimoiy muammolarni aniqlash va ularning yechimiga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishda NNT ishtiroki ularning boshqaruv salohiyati, moliyaviy barqarorligi va mavjud resurslardan samarali foydalanishiga ham bogʻliq. Shu bois soha vakillarining zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy loyihalarni puxta rejalashtirish hamda natijadorligini baholashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
12–16-oktyabr kunlari davom etadigan besh kunlik kursda 40 nafarga yaqin NNT vakili ishtirok etmoqda. Oʻquv dasturidan tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslari, strategik rejalashtirish, loyihalarni boshqarish, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, mablagʻ va boshqa resurslarni jalb qilish, inson resurslarini boshqarish, strategik kommunikatsiyalar hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish boʻyicha mashgʻulotlar oʻrin olgan.