“Bobur arena” yangi qiyofaga ega boʻlish arafasida

Andijon viloyatida joylashgan “Bobur arena” stadioni 24/7 ishlaydigan majmuaga aylantiriladi. Bu haqda “Andijon” futbol klubining rasmiy sahifasida maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, kecha, 25-mart kuni manzilda viloyat hokimi, faollar, faxriylar, tashkilot va klub rahbariyati hamda koʻplab muxlislar jam boʻlgan, ezgu niyatlar bilan duoi fotiha qilingan. Shuningdek, xalq anʼanalariga xos tarzda qoʻy soʻyilib, elga osh tarqatilgan.

“Bu tashabbus oddiy qurilish emas — bu «Bobur arena”ni butunlay yangi bosqichga olib chiqadigan loyiha», deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Rejaga koʻra, stadion hududida kechayu kunduz, yaʼni 24/7 formatda faoliyat yuritadigan zamonaviy majmualar barpo etiladi. Ushbu istiqbolli loyiha “Makro Farm Andijon” korxonasi homiyligi ostida amalga oshiriladi. Bu esa stadionni faqat oʻyin kunlari emas, balki har kuni hayot qaynaydigan markazga aylantiradi.

Shuningdek, endilikda bu maskan nafaqat futbol oʻyinlari uchun, balki oilaviy dam olish, doʻstlar bilan vaqt oʻtkazish va turli tadbirlar oʻtkazish uchun ham eng sevimli manzilga aylanishi kutilmoqda.