Bugun, 25-avgust kuni tongda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon viloyat filialida 4 nafar egizak tugʻildi. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Andijon tumanida istiqomat qiluvchi Dildoraxon Ahmedova shu yilning 20-avgust kuni koʻp homilalik tashxisi bilan mazkur muassasaga qabul qilingan. Ayolda muddatidan avval kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan.
Tugʻuruq jarayoni malakali akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar tomonidan muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.
Birinchi chaqaloq: qiz, vazni 1840 gr,
Ikkinchi chaqaloq: oʻgʻil, vazni 1534 gr,
Uchinchi chaqaloq: qiz, vazni 1584 gr,
Toʻrtinchi chaqaloq: qiz, vazni 1756 gr.
Bildirilishicha, ayni paytda 4 nafar egizak va ularning onasi malakali tibbiyot xodimlari nazorati ostida. Maʼlumot uchun, Andijonda shu yil iyun oyida 4 nafar, iyulda esa 5 nafar egizak dunyoga kelgani haqida ham xabar berilgandi.