Bugundan oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalariga qabul boshlanadi

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻlimi 2026-2027 oʻquv yili uchun oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalariga hujjatlar qabuli muddatlarini eʼlon qildi. Bu haqida idoraning rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, hujjatlar qabuli 2026-yil 30-iyundan 20-iyulgacha davom etadi. Talabgorlardan ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar hamda boshqa belgilangan hujjatlarni taqdim etish talab etiladi.

Qabul quyidagi oliy diniy taʼlim muassasalariga amalga oshiriladi:

  • Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (bakalavr, magistratura va modul taʼlim tizimi);

  • Mir Arab oliy madrasasi;

  • Hadis ilmi maktabi;

  • Imom Termiziy nomidagi islom instituti.

Shuningdek, respublikadagi barcha oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalariga ham mazkur muddatlarda hujjatlar qabul qilinadi.

Oliy diniy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichiga hujjat topshiruvchi abituriyentlar qabul hayʼatiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

  • taʼlim muassasasi rektori nomiga ariza;

  • pasport yoki ID karta nusxasi (asl nusxasi koʻrsatiladi);

  • oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi diplom va uning ilovasi nusxasi (asl nusxasi koʻrsatiladi);

  • 3,5 × 4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (soʻnggi uch oy ichida olingan, oq fonda boʻlishi talab etiladi);

  • xorijiy davlatlardagi diniy taʼlim muassasalarini tamomlagan va Oʻzbekistonda nostrifikatsiyadan oʻtkazilgan diplomga ega Oʻzbekiston fuqarolari ham hujjat topshirishlari mumkin.

Oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalariga hujjat topshiruvchi abituriyentlardan esa quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • taʼlim muassasasi rektori nomiga ariza;

  • pasport yoki ID karta nusxasi (asl nusxasi koʻrsatiladi);

  • maʼlumoti toʻgʻrisidagi attestat yoki diplom nusxasi (asl nusxasi koʻrsatiladi);

  • 3,5 × 4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (soʻnggi uch oy ichida olingan, oq fonda boʻlishi talab etiladi);

  • chet tillari boʻyicha milliy yoki xalqaro sertifikat nusxasi (asl nusxasi koʻrsatiladi). Mazkur sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan imtihonsiz belgilangan maksimal ball taqdim etiladi;

  • chet tilini bilish toʻgʻrisidagi hujjatning asl nusxasi (maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun).