Sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 13-yanvardagi yangi buyrugʻi bilan salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan shaxslar roʻyxati tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Mazkur roʻyxatga jami 20 turdagi kasallik va holatlar kiritilgan. Bular:
- Oʻmrov va toʻsh suyagi sinishi;
- Yelka kamari sinishi;
- Qovurgʻalar sinishi;
- Chap oʻmrov suyagi chiqishi tufayli oʻtkazilgan operatsiyalar;
- Chap oʻmrov suyagining soxta boʻgʻimi sinishi;
- Umurtqa pogʻonasining kompression sinishi;
- Oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich);
- Bronxial astma (IV bosqich);
- Oʻpkaning interstitsial zararlanishi (fibroz va boshqalar);
- Oʻpkaning bir qismi yoki butun qismining (chap yoki oʻng) olib tashlanishi (lobektomiya, pnevmonektomiya);
- Surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi;
- Ogʻir yurak-qon tomir kasalliklari (oʻtkazilgan infarktlar, ishemiya va boshqalar);
- III darajali (morbid) semizlik (Tananing massa indeksi ≥ 40);
- Past boʻylik (nanizm) 150 santimetrdan past;
- Qoʻl yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;
- Tananing koʻkrak qismida joylashgan ogʻir allergik yoki dermatologik kasalliklarning ogʻir shakllari (ekzema, psoriaz va boshqalar);
- Oʻmrov, kurak, yelka, toʻsh suyaklari va qovurgʻalarda ichki va tashqi implantlarning mavjudligi;
- Koʻkrak qafasi va qorin boʻshligʻida oʻtkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar;
- Stomalar mavjud boʻlishi;
- Koʻkrak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (oʻsma).
Mazkur holat/kasallik mavjudligi tibbiyot muassasalari tomonidan rasmiy tasdiqlanadi hamda fuqaroga QR-kodli elektron tibbiy maʼlumotnoma beriladi. Ushbu tibbiy maʼlumotnoma bir yil muddatga davlat tibbiyot muassasasi tomonidan bepul beriladi.
Tibbiy maʼlumotnoma ushbu kasalliklar yuzasidan qoʻyilgan tashxislar boʻyicha belgilangan muddatlar (2 oy, 4 oy, 6 oy, 1-yil) doirasida beriladi. Tibbiy maʼlumotnoma ushbu kasalliklar uchun doimiy muddatga beriladi.
Buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.