Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qozogʻiston poytaxtida “Ostona”xalqaro moliya markazi faoliyati bilan tanishdi.
U Oʻzbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish ustida ish olib borilayotgan bir paytda, Qozogʻistonning bu boradagi tajribasini oʻrganish muhim ekanini taʼkidladi.
“Ishonamanki, mazkur yoʻnalishda oʻzaro tajriba almashish nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga yanada koʻproq investitsiya jalb qilishga yordam beradi”, deb yozadi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashib, unga Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan edi.