Toshkent viloyatida ikki nafar bola kanalda choʻkib ketdi

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida 8 va 10 yoshli bola kanalda choʻkib, halok boʻldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 17-iyun kuni Boʻstonliq tumani “Obod” MFY hududida yashovchi 2016-yilda tugʻilgan K.Y. hamda 2018-yilda tugʻilgan K.B. ismli ikki nafar voyaga yetmagan bola yashash uyining pastki qismidan oqib oʻtuvchi “Boʻzsuv” kanaliga ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan.

Ushbu baxtsiz hodisa haqida viloyat Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushgach, qidiruv-qutqaruv ishlariga kirishilgan. Natijada gʻavvos-qutqaruvchilar tomonidan 21-iyun kuni suvdan bir nafar bolaning jasadi topilgan.

Ayni vaqtda ikkinchi bolaning jasadini qidirib topish maqsadida gʻavvos-qutqaruvchilar tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari uzluksiz davom ettirilmoqda.