Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida joylashgan neft saqlash omborida yongʻin sodir boʻldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun, 15-sentyabr kuni soat 10:30 da “112” tizimidan Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Choʻlquvar” MFY hududida joylashgan Qorovulbozor neft mahsulotlarini saqlash omboridagi sigʻim (rezervuar)lardan birida yongʻin sodir boʻlganligi toʻgʻrisida FVBga xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan tezkorlik bilan qutqaruv boʻlinmalari hodisa joyiga yetib borib, soat 11:18 da kuchli alangani muvaffaqiyatli bartaraf etgan. Yongʻinni bartaraf etishga 14 ta qutqaruv boʻlinmasi jalb etilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ombordagi 1 dona yoqilgʻi sigʻimi (rezervuar) yonib zararlangan. Yongʻin oqibatida 3 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish tan jarohatlari olib, Qorakoʻl tumani tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan.
Voqea joyiga viloyat FVB, IIB, SSB rahbariyati va hamkor xizmat xodimlar chiqqan.
Hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” matbuot kotibi Moʻmin Ibodov ushbu rezervuarlar zavod hududidan tashqarida joylashgan boʻlib, ishlab chiqarish quvvatlariga taʼsir etmasligi maʼlum qildi.
Uning qayd etishicha, hozirda hodisa oqibatlarini toʻliq bartaraf etish boʻyicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.