Buxoro azal – azaldan Sharq va Gʻarb madaniyatlari oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtab kelgan. Bugungi kunda ham bu anʼana davom etayapti. Koʻhna shaharda Fransiya madaniyati kunlarining boʻlib oʻtayotgani va shu festival doirasidagi rang – barang tadbirlar adabiyot va sanʼat ixlosmandlarida katta qiziqish uygʻotayotgani bu fikr tasdigʻidir.
-Sanʼat insonlarni oʻzaro birlashtiradi, ular oʻrtasidagi hurmat – eʼtiborni mustahkamlaydi,- deydi fransiyalik taniqli pianist Kristin Fonlyupt.- Men uchun juda boy madaniy – maʼrifiy tarixga ega Buxoro shahrida, qadimiy kentning yuragi sanalgan Poyi Kalon maydonida oʻz konsertimni namoyish etmoq katta sharaf.
Turli davr va madaniyatlarni bogʻlovchi oʻziga xos bu konsert dasturi buxoroliklar hamda shahar mehmonlarida katta taassurot qoldirdi. Bungacha esa yana bir qadimiy goʻsha – Sitorai Mohi Xossada “Provans va impressionizm nurida” deb nomlangan sanʼat koʻrgazmasi ochilgandi. Undan Fransiyaning janubida joylashgan Provans mintaqasining ajoyib tabiati, xususan, dorivor lavanda maydonlari, Oʻrtayer dengizi peyzaji, qadimiy qishloqlarning betakror manzaralari aks etgan kartinalar oʻrin olgan.

.jpg)
.jpg)
Madaniy va gumanitar aloqalari qamrovini yanada kengaytirishga xizmat qiladigan har ikkala tadbirda Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ualid Fuk, Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov qatnashdi.
Fransiya madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.