11
11

Buxoroda Ozarbayjon madaniyati va sanʼati kunlari boʻlib oʻtmoqda

Koʻhna Buxoroda Ozarbayjon madaniyati va sanʼati kunlari oʻzgacha ruhda kechmoqda. Ikki xalq maʼrifatparvaru ijodkorlari, sanʼatkorlari ishtirokidagi dilkash uchrashuvlar, namoyish etilayotgan konsert dasturlari madaniy aloqalarni yangi bosqichga koʻtarmoqda. Kuni kecha haftalik doirasida yana bir esda qolarli voqea boʻlib oʻtdi. Buxoro davlat universitetining tarix fakultetida buyuk ozarbayjon mutafakkiri Yusuf Qorabogʻiy nomidagi ozarbayjonshunoslik markazi ochildi.

Markazning tantanali ochilish marosimida universitet rahbariyati, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari, professor – oʻqituvchilar hamda talabalar qatnashdi. Tadbirda taʼkidlanganidek, ikki xalqni koʻp asrlik doʻstlik, qardoshlik rishtalari birlashtirib turibdi. Xususan, tarixiy shaxslar hayoti hamda ular qoldirgan boy maʼnaviy merosni oʻrganish madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu markaz Ozarbayjon tarixi, milliy madaniyati, adabiyoti, sanʼatini oʻrganish, turkiy xalqlarning mushtarak merosini tadqiq qilishda ilmiy izlanuvchilar, oʻqituvchilar uchun oʻziga xos maydon vazifasini oʻtaydi.

Shu oʻrinda markazning Yusuf Qorabogʻiy nomi bilan atalishi ham bejiz emasligiga eʼtiborni qaratmoqchimiz. Ayonki, Buxoro azaldan ilmu fan beshiklaridan biri sanalgan. Shu bois dunyoning turli goʻshalarida yashovchilar ushbu zaminga kelib ilm oʻrganish istagida boʻlishgan. Ana shunday insonlardan biri Muhammadjon Yusuf al-Qorabogʻiydir.U asli ozarboyjonlik, ammo umrining koʻp qismini Buxoroda oʻtkazgan, XVI asr ikkinchi yarmi — XVII asr birinchi yarmidagi Markaziy Osiyo ijtimoiy-falsafiy va ilmiy tafakkuri rivojiga munosib hissa qoʻshgan zot sanaladi. Olimning mantiq, falsafa, jugʻrofiya, arab tili, riyoziyot, lugʻatshunoslikka doir yigirma toʻrt asari saqlanib qolgan. Gʻazallar “Devoni” ham boʻlgan.

Marosimdan soʻng BuxDU olimlari hamda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, jumladan Yusuf Qorabogʻiyning ilmiy – falsafiy merosini chuqur oʻrganish yuzasidan ham fikrlashib olindi.

Buxoro shahrida haftalik doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.