Innovatsion rivojlanish agentligi viloyat boʻlinmasi bosh mutaxassisi Ikromjon Murodovning bildirishicha, mazkur kompaniya 60 dan ziyod mamlakatda faoliyat yuritib, startaplar, investorlar va yirik korporatsiyalarni yagona innovatsion tarmoqqa birlashtirib kelmoqda. U Google, PayPal, Dropbox, N26 va Rappi kabi texnologik kompaniyalarning rivojlanishida ham muhim rol oʻynagan. Binobarin, ushbu platformaning Buxoroda faoliyat yuritishi yoshlar, talabalar, tadbirkorlar va innovatsiyalarni xalqaro startap ekotizimiga yanada yaqinlashtiradi.
— Endilikda istiqbolli gʻoyalar faqat mahalliy darajada qolib ketmaydi. Ularning sohiblari xalqaro mentorlar, korporativ hamkorlar, venchur investorlar va global texnologik hamjamiyat bilan bogʻlanish imkoniyatiga ega boʻladi, — deydi suhbatdoshimiz. — Bu esa viloyatimizda startaplarni qoʻllab-quvvatlashning gʻoyadan xalqaro bozorgacha boʻlgan tizimli modelini shakllantirish uchun muhim zamin yaratadi.
Maʼlum boʻlishicha, “Bukhara 100” dasturi mazkur hamkorlikning asosiy amaliy yoʻnalishi sanaladi. Unga koʻra, dastlab iqtidorli deb topilgan 100 ishtirokchi saralab olinadi. Dasturda 20 dan ortiq xalqaro mentor ishtirokchi ham taklif etilishi koʻzda tutilgan. Ular startap jamoalariga mahsulot jozibadorligini oshirish, biznes modelini takomillashtirish, bozorga chiqish va investitsiya jalb qilish boʻyicha amaliy koʻmak beradi. Bu jarayon pirovardida Buxoroni xalqaro startap ekotizimining yangi markaziga aylanishiga olib keladi.