Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida Somoniylar davriga oid jome masjidining ganch paneli qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, yodgorlikda Oʻzbekiston–AQSH xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar davomida Somoniylar davriga oid jome masjidining meʼmoriy bezaklariga mansub, kufiy yozuvlar tushirilgan ganch panel qoldiqlari aniqlangan.
Arxeologik tadqiqotlarda Oʻzbekiston va AQSH mutaxassislari bilan bir qatorda Rossiya va Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda “Buxoro” davlat muzey-qoʻriqxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.
Ekspeditsiya rahbari Jamoliddin Mirzaxmedovning taʼkidlashicha, aniqlangan ganch panel qoldiqlari bizgacha toʻliq va yaxshi saqlangan holda yetib kelmagan. Shu bois topilmani saqlab qolish maqsadida mutaxassislar tomonidan restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar mazkur topilma Buxoroning Somoniylar davri meʼmorchiligi, xususan, ganch oʻymakorligi va epigrafik bezak anʼanalarini oʻrganishda muhim ilmiy manba boʻlib xizmat qilishini qayd etmoqda.
Ayni paytda Shahriston arxeologik yodgorligida tadqiqotlar bilan bir qatorda aniqlangan meʼmoriy ganch bezaklarini mustahkamlash, konservatsiya qilish va ilmiy jihatdan oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.