Suv xoʻjaligi sohasida korrupsiyaning oldini olish masalalari tanqidiy muhokama qilindi

Joriy yilning 26-iyun kuni Suv xoʻjaligi vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati hududlar va sohalar kesimida tizimli oʻrganib kelinmoqda. Shu kunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlari, shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklarida sayyor muhokamalar oʻtkazilgan.

Bu galgi majlisda esa Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida korrupsiyaning oldini olish masalalari tanqidiy koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, suv mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiy barqarorligi uchun muhim strategik resurs hisoblanadi. Shu bois sohada davlat mablagʻlaridan samarali foydalanish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiya xavflarini bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Tadbirda suv xoʻjaligi sohasida korrupsiyaning oldini olish, davlat mablagʻlaridan samarali foydalanish, raqamlashtirishni jadallashtirish, manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2024–2025-yillarda hamda joriy yilning oʻtgan davrida suv xoʻjaligi tizimida 301 nafar xodim tomonidan 243 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan boʻlib, ular oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 70 mlrd soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan. Davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar undirilib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlangan.

Muhokama jarayonida byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish, suv tejovchi texnologiyalar uchun ajratilgan subsidiyalardan noqonuniy foydalanish, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar, raqamlashtirish ishlarining sustligi hamda manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, oʻrnatilgan “Aqlli suv” qurilmalarining katta qismi bugungi kunga qadar toʻliq samarali ishlamayotgani tanqid qilindi.

Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy eʼtibor alohida huquqbuzarliklarga emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilishi lozimligi taʼkidlandi.

Majlis yakunida Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga muhokama jarayonida bildirilgan takliflar asosida 10 kun muddatda sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish hamda Milliy kengashga kiritish vazifasi yuklatildi.