Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzida kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Qoʻmita aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining tegishli qoʻmitasi hamda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari raislari ishtirok etdi.
Majlisda ijtimoiy sohadagi islohotlar ijrosini taʼminlashda Qoʻmita va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda davlat umumtaʼlim maktablarida tibbiy xizmatni tashkil etish, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qamrov darajasini kengaytirish va taʼlim sifatini yaxshilash, shuningdek, hududlarda tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish boʻyicha qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Ularni bartaraf etishda mahalliy Kengashlarning deputatlik nazorati imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish muhimligi qayd etildi.
Mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari zimmasiga taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalariga oid qonunchilik ijrosi ustidan taʼsirchan deputatlik nazoratini taʼminlash, byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi, ijtimoiy soha muassasalaridagi muammolarni bartaraf etish hamda investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari sifatini muntazam monitoring qilib borish boʻyicha ustuvor vazifalar qoʻyildi.
Shuningdek, majlis davomida Oliy Majlis Senatiga kelib tushayotgan qonunlarni hududlar xususiyatidan kelib chiqib muhokama qilish va takliflar berishda mahalliy Kengashlarning ishtirokini faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Murojaatlar bilan ishlashda “Elektron parlament” tizimi imkoniyatlaridan keng foydalanish lozimligiga eʼtibor qaratildi.
Majlisda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining 2026-yildagi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan “yoʻl xaritasi”dan joy olgan bandlar ijrosini oʻz muddatida sifatli taʼminlash boʻyicha masʼullar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.