TOGʻLARDA KECHGAN JANG: 2000 YIL SAROSIYO VOQEALARI
Oʻzbekiston uchun 1998-2000 yillar tashvishli davr boʻldi. Prezident hayotiga suiqasd, Shohimardonda yuzdan ziyod inson hayotiga zomin boʻlgan sel, Oʻzbekiston Islomiy Harakati (OʻIH, faoliyati Oʻzbekistonda taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti) jangarilarining Botken orqali Soʻxga kirishga urinishi va nihoyat Sarosiyo va Uzun tumanlarida chegarani kesib oʻtgach bosqinchilik amaliyoti...
Bu voqealarning har biri haqida uning ishtirokchilari, guvohlari va kuzatuvchilari koʻp bor yozishdi. Shunday boʻlsa-da, jangarilarning Sarosiyo va Uzun tumanlariga bostirib kirishi bilan bogʻliq oʻsha yiliyoq yon daftarimga bitilgan bir maqolani eʼtiboringizga taqdim etmoqchiman. Zero, men oʻsha 2000 yil avgust-sentabr oylarida “Axborot” direksiyasining maxsus muxbiri sifatida tasvirchi Shuhratjon Mirzakarimov bilan bevosita jang maydonlaridan harbiy harakatlarni videotasmalarga tushirib, har kuni telereportajlar berib turganmiz. Ularni xalq kutib tomosha qilganini bilaman. Ammo oʻsha kun, oʻsha daqiqalarda aytish mumkin boʻlmagani yoxud telereportajga sigʻmagani uchun “qolib ketgan” voqealar borki, ular jurnalist yon daftaridan joy topgan. Keyinroq, 2000 yil oxiriga kelib, videotasmalarning bir qismi Gʻaffor Xotamov ikkimiz ssenariy muallifligidagi “Tajovuz” hujjatli filmida aksini topdi. Ammo, haligacha eʼlon qilinmagan videotasvirlar va aytilmagan maʼlumotlar bor. Ularning ijrochi, ishtirokchi, guvohi sifatida ayrim fikr va mulohazalarni bayon etishga qaror qildim.
Oʻzini Oʻzbekiston Islomiy Harakati (faoliyati Oʻzbekistonda taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti) jangarilari deb eʼlon qilgan qurollangan guruh 2000 yil avgust oyining dastlabki kunlari Oʻzbekiston – Tojikiston chegaralarini buzib, Surxondaryo viloyatining Uzun va Sarosiyo tumanlari hududi orqali bostirib kirdi. Aslida bu voqealar 1999-2000 yillarda kuzatilgan xavfsizlik inqirozining davomi edi. Maʼlumki, Juma Namangoniy va Tohir Yoʻldoshev boshqargan jangarilar bir yil avval Qirgʻizistonning Botken rayoni orqali Oʻzbekiston hududiga kirmoqchi boʻlgan, ammo uch oy davom etgan janglarda magʻlub boʻlib, yana ortiga — Tojikistonning Tavildarasidagi lagerlariga chekingan edi. Ular oʻtgan bir yil davomida qayta tayyorgarlik koʻrdilar. Afgʻonistondan koʻplab qurol-aslaha, oʻq-dori, jang olib borishda qoʻllanadigan zamonaviy jihozlar olib keldilar. Nega Afgʻonistondan?
Afgʻoniston yigirmanchi asrning narkotik moddalar yetishtiriladigan va ishlab chiqariladigan eng yirik maydoniga aylangan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining oʻrinbosari Pino Arlakki Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi chogʻida kamina, “Axborot” muxbiriga bergan intervyusida (2000 yil, 19 oktyabr) quyidagi raqamlarni taʼkidlagan:
– Dunyo miqyosida yetishtirilayotgan jami giyohvand moddalarning 75-80 foizi Afgʻoniston hisobiga toʻgʻri keladi. Bu yil Afgʻonistonda 3270 tonna opium homashyosi ishlab chiqildi. Undan 327 tonna geroin tayyorladilar. Afgʻoniston chegarasining katta qismi Tojikiston bilan tutash. Narkotik moddalar olib oʻtishga qulay. Dunyoning eng yirik narkotik bozori — Yevropa va Rossiyaga giyohvand moddalar Tojikiston orqali yetkazib beriladi. (Intervyu videosi Oʻzbekiston TRK arxivida saqlanmoqda)
Narkotik moddalar uni oʻz bozoriga yetkazishda qoʻriqchilar boʻlishini talab etadi. OʻIH (faoliyati Oʻzbekistonda taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti)ning yozilmagan, ochiqlanmagan, ammo ularga berilayotgan qurol-aslaha, pul, boshqa taʼminot vositalari uchun zimmasidagi majburiyati ana shu narkotrafikni qoʻriqlash edi.
Giyohvand moddalar Afgʻonistonda yetishtirilib, qayta ishlanadi, keyin muxolifat taʼsiridagi chegara hududidan Tojikistonga, undan Rossiya orqali Yevropa bozoriga yetkazilgan. Sarosiyo voqealari yakunlangach, oʻshanda asir olingan OʻIH (faoliyati Oʻzbekistonda taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti) jangarilaridan biri Olimjon Abduvohidov menga bergan videointervyusida shunday degan edi:
– Tojikiston muxolifati Rahmon va Mirzo Ziyoyev (Jaga — taʼkid bizniki) guruhlarining moddiy taʼminoti narkotik sotish bilan bogʻliq. Koʻlobda ular taʼsiridagi chegara hududi bor. Oʻsha orqali Afgʻondan keladi narkota. Yana Pomirda Yazgʻulon darasi boʻyidagi daryodan olib oʻtadilar. (Intervyu videosi Oʻzbekiston TRK arxivida saqlanmoqda)
Oʻzini taqvodor, islom jangchilari deb targʻib qilgan OʻIH (faoliyati Oʻzbekistonda taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti) aslida dinda harom qilingan giyohvand moddalar harakatiga xizmat qilib pul topganlar, uning sotuvdan tushgan daromadiga ulushdor boʻlganlar. Aynan shu guruh aʼzolari 2000 yil Sarosiyo va Uzun tumani togʻlari orqali Oʻzbekistonga bostirib kirdi. (Afsuski, ular orasida ongiga islom eʼtiqodi yoʻlida shahid boʻlish jannatga yoʻl, degan soxta gʻoya singdirilgan adashgan yoshlar ham oz emasdi...)
Xoʻsh, bu xalqaro terrorchilik va narkotijorat ortida kimlar turibdi?
– Tohir Yoʻldosh, laqabi Boy, direktor. 1967 yilda tugʻilgan. 1990 yillarda Namanganda u bosh boʻlgan vahhobiylarning “Tavba” tashkiloti ogʻir jinoyatlar sodir etgach, Tojikistonga qochib oʻtgan. Afgʻoniston, Checheniston, Tojikistonda terrorchilar tayyorlash bilan shugʻullangan. 1999 yil 16 fevralda Toshkentda sodir etilgan terrorchilik harakatining, oʻsha yil avgustdagi Botken voqealarining, 2000 yili Oʻzbekiston va Qirgʻiziston sarhadlaridagi qonli tajovuzlar tashkilotchilaridan.
– Juma Xojiyev. Laqabi Tojiboy. Tojik muxolifati jangarilari tarkibida Tojikistonning qonuniy hukumat qoʻshinlariga qarshi kurashgan. Tavildaradagi jangarilar lagerining rahbari. 1999 yili Toshkentda va Botkenda, 2000 yili Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegara tumanlarida sodir etilgan terrorchilik tajovuzlarining tashkilotchilaridan biri.
Sarosiyo voqealarining yana bir sababi bor edi. Bu — Oʻzbekiston – Tojikiston chegaralarining (ayniqsa uning togʻ qismida) nazoratning sustligi. Holbuki, 1999 yilda roʻy bergan Botken voqealari yaxshi saboq boʻlgan. Hukumat Fargʻona viloyatining Soʻx, Shohimardon atrofidagi chegaralarga katta eʼtibor qaratib, maxsus harbiy-chegara qismlarini joylashtirgan, ammo bir yil oʻtib ular endi Surxondaryo togʻlari oshib Oʻzbekistonga hujum qilishi mumkinligini kutishmagan.
Keyinchalik, asirga tushgan jangarilarning tergovga koʻrsatma va bizga intervyu berishlaricha, ular 1999 yil bahoridanoq bu hududlarga kelib qayerga lager qursa, oziq-ovqat zahira ombori qilsa, togʻlik kimlar xizmatidan foydalansa boʻlishi haqida maʼlumot yigʻganlar. Hatto mardikor qiyofasida Kishtut, Hamidarcha, Sarinavo kabi togʻ qishloqlarida bir muddat yashab, ishlab yurganlar. (Intervyu Oʻzbekiston TRK arxivida saqlanmoqda)
2000 yil 1-3 avgust kunlari 80-100 nafar qurolli jangarilar Tojikiston hududidan togʻli yoʻllar orqali Oʻzbekistonga kirishga harakat qildi. Ularda avtomat, snayper miltiqlari, granatomyot, portlovchi vositalar boʻlgan. 4 avgust kuni chegarachilar jangarilar harakatini aniqladi. Shu kuni ilk bor qurolli toʻqnashuv roʻy berdi.
Terrorchilarning 1999 yilgi harakatidan tajriba orttirgan Oʻzbekiston hukumati darhol keskin choralar koʻrdi. Voqea joyiga maxsus tayyorgarlik koʻrgan harbiy kuchlar yuborildi. Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi raisi Abdusaid Koʻchimov tezkor harakat qilishi tufayli “Axborot” direksiyasining muxbirlari ham shu kuniyoq Sarosiyoga yetib keldi. Men va tasvirchi Shuhratjon Mirzakarimovlarni maxsus harbiy samolyot Fargʻonadan olib ketdi. Rejissyor va montajchi Qodir Sulaymonov Toshkentdan kelib qoʻshildi. Bizga maxsus montaj va videotasvir uzatish jihozlari berildi. Endi biz har kuni bevosita harbiy harakatlar davom etayotgan jang maydonlaridan videoreportajlarimizni Toshkentga uzata olar edik.
Terrorchilar Tavildaradan chiqib toʻrt yoʻnalish boʻyicha harakat qildilar. Birinchi guruh Sarosiyo va Uzun tumanlari hududidagi togʻ yoʻliga chiqib, Oʻzbekiston chegarasini buzib hujum boshlaganlar. Ikkinchi guruh esa Obigarm, Matchoh orqali borib, Turo dovonidan Qirgʻiziston chegarasini buzib oʻtishgan. Keyingi guruh Lojirdan chiqib Xoit, Jirgʻatol orqali yana Botkenga tahdid qildi. Yana bir guruh Lojirdan – Xoʻjand – Navgarzon orqali Ashtga va undan Jalolobod viloyati hududiga tomon yurgan. Ammo Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani hududida Oʻzbekiston harbiylari qarshiligiga uchraydi.
Bu Juma Namangoniy ishlab chiqqan harbiy taktika edi. Yaʼni dastlab bir yerga hujum qilinsa, hukumat harbiy kuchlari oʻsha manzilga yuboriladi. Shunda uch-toʻrt joyda kutilmaganda portlashlar, qirgʻin-barotlar uyushtiramiz, deb rejalagan. Lekin Oʻzbekiston va Qirgʻiziston harbiy kuchlari bosqinchilarning har bir harakatini tahlil qilib, avvalgi yillar tajribasidan kelib chiqib qaror qabul qilar edi.
Xalqaro terrorchilar axboriy urushga ham alohida eʼtibor qaratdilar. Avgust oyida BBC radiostansiyasidan ularning balandparvoz xitoblari yangradi:
Tohir Yoʻldoshev:
– Jangarilarimiz ozodlik (mustaqillik — izoh bizniki) bayrami oldidan yirik qoʻporuvchilik va terrorchilik harakatlarini sodir etishadi!
Juma Namangoniy:
– Har qanday sharoitda ham Qamchiq dovonidan oʻtgan asosiy yerosti (tonnel — izoh bizniki) yoʻlini portlatib yuboramiz!
Bu kabi hayqiriqlar amalga oshmadi. Chunki Oʻzbekiston harbiy kuchlari terrorchilarning har bir guruhini topib, munosib qarshilik koʻrsatdi va joyida yakson qildi. Avgustning dastlabki kunlaridanoq maʼlum boʻldiki, terrorchilarning asosiy kuchi Sarosiyo va Uzun togʻlari orqali yuborilgan. Yuqori togʻ sharoiti, quyuq archazorlardan boshlangan ilk toʻqnashuvlardayoq har ikki tomondan qurbonlar boʻldi. Bu Oʻzbekiston hukumati zudlik bilan togʻlik aholi xavfsizligini taʼminlashini talab etardi. Hududdagi Kishtut, Sarinavo, Registon, Kunkoʻrmas, Hamidarcha kabi kichik-kichik qishloqlar aholisi bexavotir joylarga koʻchirildi.
Botken magʻlubiyatidan alamzada, koʻzi qonga toʻlgan jangarilar oʻtgan yillar davomida togʻ sharoitida jang qilish mahorati oshganini amalda koʻrsatdi. Dastlabki 5-7 kun davomida ular Oʻzbekistonning bir qator boʻshab qolgan togʻ qishloqlarini egallab olishdi. Shunday paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov voqea sodir boʻlgan joyga yetib keldi. U harbiy kengash aʼzolari bilan aniq holatni tahlil qildi, tegishli tavsiyalar berdi. Shu yerda askar va zobitlar bilan uchrashdi.
– Men Prezident sifatidan emas, ota sifatida sizlar bilan gaplashyapman, – dedi Islom Karimov. – Sizlarning aziz hayotingiz menga, Vatanimizga kerak. Oʻzingizni asranglar. (Videokoʻrsatuv Oʻzbekiston TRK arxivida saqlanmoqda)
Bu uchrashuv, otalarcha nasihat harbiy harakatlarda burilish yasadi. Oʻzbekiston armiyasi yerdan va havodan ommaviy hujumga oʻtdi. Razvedkachilar terrorchi guruhlarning biri gʻorga joylashib olganini maʼlum qildi. Tong saharda hujumga oʻtib, Kishtut yaqinidagi ularning ini oʻqqa tutildi. Shu gʻorning oʻzida jangarilar 9 nafar jasadni qoldirib, togʻ oʻrmonlariga sochilib ketgandilar. Keyin razvedka maʼlum qilgan togʻ hududlari, oʻrmonzorlar yana va yana vertolyotdan oʻqqa tutildi. Portlovchi snaryadlar tashlandi. Quruqlikdagi pulemyotlar toʻxtovsiz “sayradi”.
Nihoyat, jangda katta talafot koʻrgan bosqinchilar Tojikiston tomon chekinishga majbur boʻldilar. Oʻzbekiston harbiylari endi “tozalash” amaliyotini boshladilar. Har bir soʻqmoq, gʻor, daraxtlar quyuq joylar qadam-baqadam nazoratdan oʻtkazildi. Shu narsa maʼlum boʻldiki, jangarilar maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va urushning zamonaviy jihozlariga ega guruh boʻlgan. “Tozalash” operatsiyasi chogʻi ulardan qolib ketgan samoviy ratsiya, tunda koʻrish asboblari, snayper miltigʻi, pulemyot va granatomyotlar, kamuflyaj va bronjiletlar topildi. Shuncha qurol qayerdan, qaysi mablagʻga sotib olingan? Jangarilarga toʻlanadigan taxi buzilmagan dollarlar-chi? Mana endi OʻIH (faoliyati Oʻzbekistonda taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti) narkobiznes tarkibida boʻlib, undan muntazam daromad olib kelganiga hech shubha qolmadi.
Roʻy-rost aytish kerak, bu mudhish tajovuzning bartaraf etilishi oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Oʻzbekiston oʻn gulidan bir guli ochilmagan oʻnlab qahramon oʻgʻlonlaridan judo boʻldi. Leytenant Sayyor Sadinov, katta leytenant Alisher Salimov, leytenant Boburjon Gʻaniyev, katta serjant Maʼrufjon Rajapov, serjant Ulugʻbek Barnoev, starshina Qahramon Madalimov, kichik serjant Yunus Oxunov, katta serjant Elomon Otajonov, serjant Doniyorbek Tojiboev, katta leytenant Mahmudjon Jalilov, leytenant Gʻofurjon Rajabov, kichik serjant Abduhalim Toshqulov...
Esimda, jangda qahramonlarcha halok boʻlgan leytenant Sayyor Sadinovning onasi oʻgʻlini tuproqqa bera turib shunday degan edi:
– Mahalladagilarga daʼvatim shu: har bir yosh ona oʻstirayotgan goʻdagingizga oq sut bering. Ularga Vatan xoini boʻlma, Vatanga xiyonat qilma, vatangado boʻlma, Vatanni sev, Vatanni ardoqla, Vatanni qoʻriqla deb alla ayting!
Ming afsuski, Vatanga qurol bilan kirganlarning aksariyati shu xalqning adashgan yoshlari edi. Jangda halok boʻlgan terrorchilarning oʻligi egasiz qolib ketdi. Ularning ikki dunyosini kuydirib yuborgan Juma Namangoniy ham, Tohir Yoʻldosh ham soʻroqlamadi. Jasadni olishdan bosh tortgan ota-ona, qavm-qarindosh, qabristondan joy bermagan mahalla ham boʻldi...
2000 yil 21 aprelda Toshkentda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Oʻshanda, jumladan, 1999 yil Botken voqealariga siyosiy baho bera turib Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon shunday degan edi:
– Oʻzbek xalqi bizga eng ogʻir damlarda yordam bergan va qoʻllagan. Biz uni boshimizga koʻtarishimiz lozim... Mintaqadagi biron bir davlat xavfsizligiga tahdid qilinsa, biz hatto qurolli kuchlarimiz ishtirokida uning himoyasida turamiz.
Afsuski, rasmiy Dushanbe har doim ham vaʼdasining ustidan chiqa olmasdi. Chunki fuqarolik urushi tugagan boʻlsa-da, muxolifat hali kuchli edi.
OʻIH (faoliyati Oʻzbekistonda taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti)ni qoʻllab-quvvatlab turganlar orasida tojik hukumati muxolifati ham boʻlgan. Garchi ular anjuman, konferensiya, rasmiy minbarlarda buning aksini gapirsalarda, amalda uning yetakchilari bilan yaqin munosabatda boʻlganlar. Men Sarosiyo jangining asirlari bilan uzoq suhbatlashdim. Masalan, harbiy asirlar Ulugʻbek Mahmudov va Olimjon Abduvohidov OʻIH (faoliyati Oʻzbekistonda taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti)ning tojik muxolifati aʼzolari bilan hamkorligini tasdiqladilar:
Ulugʻbek Mahmudov /asirga olingan terrorchi/:
– Aprel-may oylarida Tavildara degan qishloqqa Said Abdullo Nuriy bilan Mirzo Jaga kelishgan. Tavildaradagi shtabga biz Juma Namangoniy bilan ikkita mashinada bordik. Ular xonaga kirib ketib nimalarnidir gaplashishdi. Shu kuni kechqurun Mirzo Jaga tomonidan ajratilgan 2 ta mashina bor edi. Shular tinmay ishladi. Maʼlum boʻldiki, Juma Namangoniy 300-350 nafar terrorchilaridan 200 dan ortigʻini Tavildaraning eng yuqori qismi boʻlgan Lojir degan qishloqqa va undan ham yuqori qismiga — Kommunizm qishlogʻiga tashildi.
Olimjon Abduvohidov /asirga olingan terrorchi/:
– Tojikistonda qolayotgan guruhlarning sonini aytmanglar, nechtaligini bildirmanglar deb qattiq tayinladi. Hattoki ustod Abu Abdulloh qolganini hech kim bilmasin, dedi pokistonlik instruktor. (Videointervyu Oʻzbekiston TRK arxivida saqlanmoqda)
Ammo shunga qaramay, tojik muxolifati rahbari Said Abdullo Nuriy 2000 yil 28 avgust kuni Dushanbe shahridagi matbuot konferensiyasida shunday bayonot berdi:
Said Abdullo Nuriy /Birlashgan tojik muxolifati rahbari/:
– Juma Namangoniyning 500 kishilik guruhi Tojikistondan chiqib ketgan. Uning oʻzi ham hozir Afgʻonistonda. Jangarilar qachon va qaysi yoʻldan oʻtgani Tojikiston rahbariyatiga ham Islom uygʻonish partiyasiga ham maʼlum emas. (“Minbari Islom” gazetasi, sentabr, 2000 yil)
Ashaddiy ekstremistik kayfiyatdagi kuchlar konstitutsion kuchlarni agʻdarishni oʻz oldilariga pirovard maqsad qilib qoʻyishgan. Bu yoʻlda ular Oʻrta Osiyoda istiqomat qilayotgan xalqlarning eʼtiqodi boʻlmish muqaddas islom dinidan foydalanishga, diniy qadriyatlarga ham oʻzlarining boʻlmagʻur gʻoyalarini qorishtrishga urinishdi. Demokratik davlat tuzumini agʻdarib, dunyoviy rivojlanish yoʻliga gʻov boʻlishni istadilar. Ular qurbonlar qon toʻkishi evaziga qayerda boʻlsa ham oʻzlarining mudhish tartib-qoidalarini oʻrnatishga harakat qildilar.
Ammo Oʻzbekiston hukumati, uning armiyasi vaziyatga odilona baho berdi, avvalgi yillar voqeliklaridan xolis xulosa chiqardi va janglarda yuksak malaka koʻrsatdi. Natijada dushman asosan yakson qilindi, qolgan bir qismi Oʻzbekiston hududidan qochib qutildi.
Sarosiyo voqealari yana bir achchiq haqiqatni oshkor qildi.
Yuqorida aytganimizdek, jangarilar bostirib kirgan dastlabki kunlardanoq kichik-kichik togʻ qishloqlari aholisi vertolyotlarda Sarosiyo tumaniga koʻchirib olib tushildi. Toʻgʻri, ular yashayotgan togʻ qishloqlardan yilning may-sentabr oylaridagina tuman markaziga kelib-ketish mumkin boʻlgan. Qolgan paytda 3700-3800 metr balandlikdagi qishloqlar yoʻllari qor va muzlik qoplagani uchun butkul berk boʻlgan. Shunday boʻlsa-da, jangarilar bostirib kelganida mamlakat mustaqil boʻlganiga 9 yil toʻlgan edi. Lekin togʻliklar oqsoqoli Sarosiyoda ularga yaratilgan sharoitni koʻrib “partiya-hukumatimizga rahmat”, dedi. Suhbatlashsak, 20 yildan buyon togʻdan pastga tushmaganini, siyosiy oʻzgarishlar boʻlganini bilmasligini aytdi.
Koʻchirilgan odamlar esa lampochkani koʻrib, “nokdek narsa quyoshdek yorugʻlik tarqatyapti”, televizorni koʻrib “anavu shayton quti gapiryapti”, avtobusni koʻrib esa “katta temir uy oyoqsiz yuribdi” deya hayratlandilar. (Bu lavhalar efirga uzatilmagan boʻlsa-da, OʻzTRK arxivida saqlanadi)
Holbuki, oʻtgan 9 yilda necha bor Prezident, parlament, mahalliy kengashlarga saylovlar boʻlib oʻtdi. Shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjat — pasport almashtirildi. Aholi roʻyxatga olindi...
Aslida togʻliklar mahalliy hokimiyat eʼtiboridan mutlaqo chetda qolgan ekan-da, degan fikr paydo boʻladi.
Ikkinchi, juda jiddiy masala togʻliklarning oʻzaro nikohi bilan bogʻliq edi. Jami 1156 nafar aholining barchasi bir-biri bilan quda-anda, er-xotin boʻlib ketgan. Yaʼni eng yaqin qarindoshlar ham birga oila quraverishgan. Natijada tanadagi qon tarkibi buzilgan, irsiy kasalliklar urchigan, odamlar xunuklashgan, boʻylari past, koʻzlari asosan koʻk va toraygan edi. Bora-bora ularda genetik oʻzgarish roʻy berishi xavfi yoʻq emasdi.
2000 yil oktabr oyida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sessiyasida men shular haqida gapirdim. (Oʻshanda men Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputati edim) Ularni qayta togʻ qishloqlariga yuborishdan avval bu masalalarni chuqur oʻrganish lozimligini taʼkidladim.
Uzun, Sarosiyo hokim va kuchishlatar tizimi rahbarlari barchasi vazifasidan ozod etildi. Togʻliklar uchun esa Sherobod, Angor tumanlarining bir necha hududlarida zamonaviy loyihadagi uy-joylar qurib berildi.
Bu maqolani 2000 yilda yozganman. Bugun eʼlon qilishdan muddao — mamlakat yaqin tarixidagi voqeliklar ishtirokchisi yoki guvohlari tabiat qonuniga koʻra tobora kamayib bormoqda. Bu satrlar balki mavzuga qiziqqan kimlargadir oʻsha yillar tarixi haqida bir oz boʻlsa-da maʼlumot berar, degan ezgu niyatda boʻldik xolos. Erinmay oʻqib chiqqaningiz uchun rahmat.