Chustda zamonaviy oʻquv avtodromi foydalanishga topshirildi

Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tasarrufidagi Chust tumani oʻquv-sport texnika markazida barpo etilgan mazkur majmuaning foydalanishga topshirish munosabati bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov, Chust tumani hokimi Baxtiyor Salimjonov, Yaponiyaning “Onodera User Run” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakili Sardorxoʻja Bozarboyev va keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Tadbirda yangi avtodromning imkoniyatlari va uning oʻquv jarayonidagi ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, zamonaviy talablar asosida jihozlangan mazkur majmua haydovchilikka nomzodlarning amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash, ularni yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilish ruhida tarbiyalash hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Tantanali tadbir doirasida “Vatanparvar” tashkilotining raketamodel sporti seksiyasi va Mudofaa vazirligining harbiy qismi faxriy qorovullari hamda harbiy orkestri ishtirokida koʻrgazmali chiqish va madaniy dasturlar, shuningdek, tashkilot tasarrufidagi sport-texnik vositalar koʻrgazmasi orqali moddiy-texnik imkoniyatlar, texnik va amaliy sport turlarida erishilayotgan natijalar namoyish etildi.

Tadbirda viloyat kengashi tasarrufidagi oʻquv muassasalarining avtomobil parkini yangilash maqsadida xarid qilingan 25 ta “Onix”, 10 ta “KIA Sonet” va 5 ta “FOTON” rusumli transport vositalari ham tantanali ravishda topshirildi.

— Yangi oʻquv avtodromi va zamonaviy avtotransport vositalari “Vatanparvar” tashkiloti tizimida taʼlim sifatini oshirish, yoshlarning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish va zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi» — deydi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Axmadjon Alaxodjayev. — Eʼtiborlisi, bunday majmualarning barpo etilishi yoshlarni texnik va amaliy sport turlariga keng jalb etish, ularni zamonaviy kasblarga tayyorlash, texnik bilim va koʻnikmalarini oshirish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ezgu ishlar samarasining amaliy ifodasidir.