Omskdagi yongʻinda ikki nafar oʻzbekistonlik jarohat oldi

17.08.2026 17:00 O'zbekiston 2153 ipaknews.uz

Oʻzbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Omsk shahridagi №1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasiga tashrif buyurib, 15-avgust kuni shaharning “Кварталы Драверта” kichik tumanidagi yongʻinda jarohat olgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi holidan xabar oldi. Bu haqda “Dunyo” AAga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, fuqaro I. Z. kuyganlar reanimatsiyasi boʻlimiga oʻtkazilgan. Uning ahvoli ogʻir deb baholanmoqda, u yordamchi sunʼiy nafas olish apparatiga ulangan.

Ikkinchi fuqaro — O. E. esa reanimatsiyada qolmoqda. Uning ham ahvoli ogʻir deb baholanmoqda.

“Shifokorlar moskvalik hamkasblari bilan onlayn-uchrashuvlar oʻtkazishmoqda, chunki ushbu hodisa katta shov-shuvga sabab boʻldi va Rossiya tomoni ushbu yongʻin oqibatida jabrlanganlarning barchasini sogʻlomlashtirish jarayoniga alohida eʼtibor qaratmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ushbu masala Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan alohida nazoratga olingan.

“RIA Novosti” maʼlumotiga koʻra, hodisa qurilish maydonchasida sodir boʻlgan.

“Yongʻin quyuq qora tutuni bilan guvohlar eʼtiborini tortgan. Voqea joyida 30 nafar qutqaruvchi va oltita texnika zarur choralarni koʻrgan. Hodisa joyidan 11 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan uch nafariga keyinchalik uyga javob berilgan. Shifoxonaga olib ketilganlardan biri vafot etgan. Ularning barchasi — pudratchi quruvchilardir”, — deyiladi xabar matnida.